Ta’lim – doimiy extiyojimizga aylanishi zarur

3 fevral kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida rektor Ma’rufjon Rasulov bilan institut bitiruvchi talabalari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.

 

Raqobat keskinlashib borayotgan ayni vaqtda, har bir jabhada yangicha tashabbuslar, kreativ yondashuvlar, g‘oyalar o‘ta muhim. Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rektori Ma’rufjon Rasulov bakalavr bitiruvchi talabalarining tashabbuslari, kreativ yondashuvlari va g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdi.

 

Institut rektori o‘z so‘zi avvalida Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasida keltirilgan fikrlarni aytib o‘tdi: “Biz O‘zbekistonimizni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma’rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz. Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo‘lib chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur. Chuning uchun ham bog‘chadan boshlab oliy o‘quv yurtigacha – ta’limning barcha bo‘g‘inlarini isloh qilishni boshladik. Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi».

Muloqotda rektor Ma’rufjоn Rasulov talabalarni ilmiy faoliyatga yo‘naltirishga va ularda innovatsion fikrlashni shakllantirish borasida qilingan ishlar hamda bakalavrlarning o‘qishni davom ettirish maqsadida xorijiy ta’lim muasasalari bilan tuzilgan shartnomalar to‘g‘risida axborot berdi.

Bakalavr bitiruvchilarining o‘quv laboratoriyalariga jiddiy e’tibor qaratish kerakligini, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi borasidagi fikrlari tinglandi.


– Tengdoshlarim mas’uliyatni chuqur his qilgan holda, katta shijoat va natijadorlik bilan ta’limni yakunlashi lozim, – deydi yig‘ilish ishtirokchisi, bakalavrlar uchun ta’sis etilgan Beruniy Davlat stipendiyasi sohibi Elmurod Astanaliev. – Bugungi muloqot bizlar uchun kelgusi maqsad va yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qildi.

Uchrashuvda institut rektori Ma’rufjon Rasulov talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot qilishga doimo tayyor ekanligini, ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda hamisha yoshlar bilan birga yelkadosh ekanligini bildirdi. Institut rahbari ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tdi.

Axborot xizmati