Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti tarkibidagi Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 515-son qarorining 14-bandiga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, bevosita institut tarkibiga kiradi.
Bo‘lim o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari, Davlat inspeksiyasi hamda institut rektorining buyruqlari va qonuniy ko‘rsatmalariga, shuningdek Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq olib boradi.
Bo‘limning asosiy maqsadi-institut talabalari bilimlarining davlat ta’lim standartlariga muvofiqligini o‘rganib borish, tahlil qilish, kadrlar tayyorlash sifati monitoringini yuritish, institutni ichki attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish va uning natijalari bo‘yicha ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish va oldini olish choralarini ko‘rishdan iborat.
Bo‘limning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarning davlat ta’lim standartlari (DTS), malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlari, ishchi o‘quv rejalar va fanning ishchi dasturlari bilan ta’minlanganligi hamda o‘zaro muvofiqligini tahlil etish;
- institutda ta’lim jarayoni sifatini, uning o‘quv adabiyotlari va o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlanganlik darajasini o‘rganish;
- talabalar bilimini baholash jarayonlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish;
- talabalar bilimini baholash jarayonlari va natijalarining xolisligi va shaffofligini o‘rganish;
- talabalar bilimini tanlanma asosida aniqlash uchun qo‘shimcha ravishda nazorat ishlarini o‘tkazish (mazkur nazorat natijasi talabaning o‘zlashtirish ko‘rsatkichida aks etmaydi), natijalarni tahlil qilish, ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatgan omillarni aniqlash jarayonlarini tashkillashtirish;
- institut dekanatlari tomonidan shakllantiriladigan dars jadvallarini optimallashtirishda ishtirok etish;
- har bir fan bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini tahlil qilish va institut rektoriga ma’lumotlar berib borish;
- talabalar davomati va professor-o‘qituvchilarning darsga munosabatini monitoringini olib borish;
- baholash natijalari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlash va ularning natijalari yuzasidan institut kengashida hamda rektor yig‘ilishida hisobotlar berib borish;
- bitiruvchilarning bilim darajasini o‘rganish maqsadida yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari hujjatlari bilan tanishish;
- tashkiliy-huquqiy va metodik ko‘rsatmalar asosida ta’lim va kadrlar tayyorlash sifati monitoringini olib borish va nazorat qilishni tashkil etish;
- institutni ichki attestatsiyadan o‘tkazishni tashkil etish va ichki attestatsiya natijalarini, ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi omillar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni institut rektoriga hamda Davlat inspeksiyasiga taqdim etish;
- ta’lim sifatini belgilovchi ko‘rsatkichlarning holatini monitoring qilish, aniqlangan muammolar va kamchiliklar yuzasidan institut rektoriga takliflar berish;
- ta’lim sifatini oshirish maqsadida professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish jarayonida zamonaviy usullar va uslublardan foydalanish samaradorligini tahlil qilish;
- institutning tarkibiy tuzilmalarida (fakultet, kafedra, bo‘lim, markaz, akademik litsey) pedagog xodimlarning kasbiy malakasi holatini, shuningdek oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda malaka oshirish va qayta tayyorlash yo‘nalishlaridagi sifat darajasini aniqlash maqsadida ichki monitoringni o‘tkazish, tahliliy ma’lumotlarni tayyorlash, aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha institut rahbariyatiga takliflar kiritish;
- institut professor-o‘qituvchilari tayanch ma’lumotlarining tegishli dars beradigan fan(lar)iga mosligini tahlil qilish yoki ularning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tayyorlashdan o‘tganligini yoki mos ixtisoslik bo‘yicha ilmiy unvon, darajaga ega ekanligini o‘rganish va xulosalarni institut rektoriga ma’lum qilish;
- ta’lim jarayoni moddiy-texnik bazasi holatini tahlil qilish, uni rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha takliflar berish;
- institutda talabalar amaliyotining ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni inobatga olingan holda tashkil etilganligini va uning samarasini nazorat qilish;
- institut reytingini aniqlash, baholash, attestatsiya va ta’lim sifatini o‘rganish bilan bog‘liq jarayonlarda ishtirok etish;
- institutdagi ijtimoiy muhit, kadrlar tayyorlash va ta’lim sifatini o‘rganish maqsadida doimiy ravishda talaba, ota-ona, professor-o‘qituvchi va kadrlar iste’molchilari o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish;
- institutdagi ijtimoiy muhit, kadrlar tayyorlash va ta’lim sifatini o‘rganish maqsadida professor-o‘qituvchilar va kadrlar iste’molchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan ijtimoiy so‘rovlar jarayonida ishtirok etish, natijalari yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
- bitiruvchilarning ta’limni keyingi bosqichiga o‘qishga kirishi yoki ishga joylashishlarini tahlil qilishda ishtirok etish;
- respublika va xorijiy davlatlardagi ta’lim sifatini nazorat qilishga oid yangiliklarni doimiy o‘rganib borish va ularni ta’lim jarayoniga tatbiq etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;
- institut reytingini xalqaro darajaga ko‘tarishga qaratilgan chora-tadbirlarni institut rahbariyati bilan birgalikda ishlab chiqish va uni ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etish;
- institut tegishli tarkibiy tuzilmalari bilan hamkorlikda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan o‘quv seminarlari va treninglarni o‘tkazish;
- o‘quv jarayoni bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsion hamkorlik, innovatsion g‘oyalar, ishlanma va texnologiyalarni kengaytirish yuzasidan takliflarni berib borish;
- institut Kengashida, davra suhbatlari va anjumanlarda bo‘lim tomonidan ta’lim sifatini oshirishga oid amalga oshirilgan o‘rganish va monitoring natijalari to‘g‘risida ma’lumotlar berib borish;
- ta’lim sifati holatini o‘rganish natijalariga asoslanib tegishli takliflarni institut rahbariyatiga taqdim etish.