Tarbiyaviy ishlarni samarali tashkil etishga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 7-8 iyun kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusni oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirish hamda ma’naviy ma’rifiy tarbiyaviy ishlarni samarali tashkil etishga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Yoshlar bilan ishlash prorektori Dilshod Baratov hamda Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Farrux Azimovlar ishtirok etdi.
Mutasaddi vazirliklar, qo‘mitalar, nodavlat va notijorat tashkilotlar mutasaddilari, 50 nafardan ortiq oliy ta’lim muassasalari rektorlari, 150 nafardan ortiq yoshlar bilan ishlash prorektorlari va bo‘lim boshliqlari,ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan seminarda ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik targ‘iboti bo‘yicha madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Sirdaryo va Namangan viloyatlari tajribasi sifatida 2019 yil 19 martda kuni yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 5 ta tashabbus ilgari surilgan edi. Mazkur tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida Bo‘ka tumanidagi tajriba sinov tariqasidagi Madaniyat va ma’rifat ekoparki faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 24 may kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universitetida oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari rahbarlari,akademiklar,olimlar va yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv davomida 5 ta tashabbusning targ‘iboti va unda belgilangan dasturlarni amalga oshirish borasida oliy ta’lim muassasalari oldiga yanada aniq vazifalar qo‘yildi.
Shundan kelib chiqib,5 ta tashabbusning oliy ta’lim tizimidagi ijrosini o‘rganish bo‘yicha komissiya tuzildi hamda uning zimmasiga ma’naviy –ma’rifiy ishlar, tarbiya jarayonlari, talabalar bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish,ularni jismoniy tarbiya va sport, zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish kabi masalalar holatiga baho berish hamda mazkur masalada amaliy yordamni tashkil etish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilandi.