Murojaatnoma yoshlarni shijoatlantirdi

Kuni kecha Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining Yuridik xizmat boshlig‘i Yo‘ldosh Nazarov ishtirokida davra suxbati o‘tkazildi.

Prezidentning Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomasida davlat va jamiyatni tubdan isloh etishni davom ettirish masalalari, shuningdek, 2020 yilda yoshlarni quvontiradigan ko‘plab yangiliklar haqida ma’lumot berildi.

Institut birinchi bosqich talabalari bilan Murojaatnoma mazmun-mohiyatini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan uchrashuvda ham 2020 yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berilgani yoshlarning kayfiyati, ilmu yuksalishga shashti va ishtiyoqi ko‘tarilgani yaqqol sezildi.

Uchrashuvda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining Yuridik xizmat boshlig‘i Yo‘ldosh Nazarov yoshlar o‘qib o‘rganishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, hunarli bo‘lishi uchun Murojaatnomada ko‘plab tashabbuslar ilgari surilgani, rejalar aytilgani haqida batafsil gapirib berdi.

Suxbat davomida Ijtimoiy gumanitar fanlar kafedrasi mudiri, falsafa fanlari doktori, professor Jumaniyoz Ramatovning tahliliy ma’ruzasi tinglandi. Mamlakatimiz taraqqiyotining dasturulamali hisoblangan mazkur tarixiy hujjatning yoshlar hayotida tutgan muhim o‘rni haqida mulohazalar bildirildi.

“Oliy ma’lumot olaman, o‘z ustimda ishlab, ilmli bo‘laman, degan, yuragida o‘ti bor, jo‘shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart”, dedi Prezidentimiz.

Uchrashuvda Murojaatnomada yoshlar manfaatlarini ko‘zlab ilgari surilgan taklif va tashabbuslar haqida keng tushuncha berildi. Yoshlar ham faol tarzda o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Yangidan ishlab chiqiladigan “O‘zbekiston yoshlari – 2025” kontseptsiyasi davlat va jamiyatning yoshlarga munosabatini butunlay yangi darajaga ko‘tarishi kutilayotgani qayd etildi.

Axborot xizmati