Ochiq amaliyot darsi talabalar ilmiy qarashini kengaytirdi

Bugun ta’lim inson uchun yangi texnologiyalarni hayotga tatbiq etishning muhim omili sifatida e’tirof etilmoqda. Ayniqsa, jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashib borayotgan O‘zbekiston uchun mehnat bozori talablariga tez moslasha oladigan oliy ta’lim tizimini rivojlantirib borish dolzarb masalaga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3151 sonli qaroriga muvofiq Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha har bir talabaning 2-kursdan boshlab tegishli tarmoq (soha)ning muayyan tashkilotlari va korxonalarida malakaviy amaliyotlari tizimli ravishda o‘tkazilishini, shuningdek ularning amaliy mashg‘ulotlarini bevosita ishlab chiqarishda tashkillashtirish borasida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” korxonasi tomonidan olib borilayotgan qurilish montaj ishlarida talabalarning ishtirokini ta’minlash maqsadida “Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasining professor-o‘qituvchilari amaliyot darsini qurilish ob’ektida o‘tkazdilar.
Ochiq amaliyot darsi Sergeli tumanidagi Qipchoq ko‘chasi temir yo‘l bilan kesishgan joydagi ko‘prik qurilishida tashkillashtirildi. Talabalar uzunligi 1011 metr va eni 28 metr bo‘lgan ko‘prik loyihasining texnik tafsilotlari yuzasidan batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar. O‘quv jarayonida mamlakatimizdagi ko‘priklarni saqlash, ta’mirlash va ekspluatatsiya qilish masalasi ham g‘oyat dolzarb ekanligini qayd etildi.
“13-Ko‘prikqurilish” otryadi uchastka boshlig‘i Sh.Botirov qurilishi ishlarining sifati uchun institut professor-o‘qituvchi va talabalarining fikr va takliflari muhim ekanini bildirdi.

Institut matbuot kotibi Dilshod Rahmatov