Xafta davomida xorijlik mutaxassislar talabalarga saboq beradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyunda imzolangan PQ-3775 sonli qarorida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosini ta’minlash va ta’lim berish sifatini yanada yaxshilash, xorijiy davlatlar tajribasini milliy ta’lim tizimimiz bilan uyg‘unlashtirish maqsadida xafta davomida Peterburg Davlat temir yo‘l universiteti etakchi professorlari talabalarga saboq beradi.
Jumladan, universitetning “Tonellar va metropolitenlar” kafedrasi dotsenti Yana Vladlenovna Melnik “Transport inshootlarini loyihalash va qurish (tonellar va metropolitenlar)” fanidan talabalarga ma’ruzalar o‘qishi belgilangan. Yana Melnik metropolitenni loyihalash bo‘yicha yetuk mutaxassis sanaladi. Institutning “Ko‘priklar va tonellar” kafedrasi ko‘magida Yana Melnik bilan ilmiy muloqotlar va davra suxbatlari ham o‘tkazish rejalashtirildi.
«Temir yo‘l transportida avtomatika, telemexanika va telekommunikatsiya texnologiyalari» kafedrasi Peterburg Davlat temir yo‘l universitetining “Temir yo‘lda avtomatika va telemexanika kafedrasi dotsenti Vladimir Georgievich Troxov va “Elektr aloqa” kafedrasi dotsenti Pavel Andreevich Plexanovlar ishtirokida ma’ruza va mahorat darslari o‘tkazadi.
Universitetning “Elektr transporti” kafedrasi dotsenti Igor Aleksandrovich Rolle ishtirokidagi ma’ruzalar, master klass va ilmiy muloqotlar 22-26 aprel sanalariga belgilangan. Institutning “Elektr transporti va yuqori tezlikdagi elektr harakati tarkibi” kafedrasiga tashrif buyurgan xorijlik olim Igor Rolle “Elektr tortish nazariyasi” va “Elektr tortish asoslari ”fanlaridan ma’ruzalar o‘qishi belgilangan.
Universitetning “Axborot va hisoblash tizimlari” kafedrasi mudiri, professor Anatoliy Dmitrievich Xomonenko “Postgresql” mavzu bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiydi va magistrlar uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishi rejalashtirilgan. Professor Anatoliy Dmitrievich Xomonenko temir yo’l transporti tizimida dasturiy ta’minot sinovlari laboratoriyasining rahbari sanaladi.
Institut jamoasi va mustaqil tadqiqotchilarini ilmiy faollikka undagan holda barchamizga xafta mazmunli o‘tishini tilaymiz.

Institut matbuot xizmati