«Materialshunoslik va payvandlash» ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi

Laboratoriyaning yaratilish tarixi.

«Materialshunoslik va payvandlash» ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi (MPL)- Boshqaruv Raisining 2012-yil 27-dekabrdagi 586-N-sonli buyrug’iga asosan «O’zbekiston temir yo’llari» aksiyadorlik jamiyati («O’zbekiston temir yo’llari»AJ) Toshkent temir yo’l muhandislari instituti (ToshTYMI)ning ilmiy-tadqiqot sektori (ITS) qoshidagi o’zini-o’zi boshqaradigan ko’p elektrodli eritib qoplash laboratoriyasi zaminida tashkil etilgan.
MPL ToshTYMIning tuzilmali bo’linmasi bo’lib, ilmiy-tadqiqot va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo’limi tarkibiga kiradi. MPL o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasining qonunchiligi, texnik normativ-huqiqiy hujjatlar, «O’zbekiston temir yo’llari» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvining buyruq va farmoyishlari hamda institut Nizomiga asosan ish olib boradi.

Laboratoriyaning maqsad va vazifalari

Bozor iqtisodiyoti sharoitida mashinalar va uskunalarning chidamliligini oshirish muammosi xalq xo’jaligidagi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Statistik ma’lumotlarga ko’ra, mashina va uskunalarning 80-90% qismlari ish yuzalarining muddatidan ilgari yedirilishi tufayli ishdan chiqadi.
Ta’mirlashning asosiy omili bo’lgan – yedirilish muammosini hal qilish mashinalar samaradorligini oshiribgina qolmay, balki qismlarni tiklash va qo’shimcha ravishda yangilarini sotib olish bilan bog’liq moddiy va pul resurslarini iqtisod qilinishini ta’minlaydi.
Shunga ko’ra, MPLning asosiy vazifasi bo’lib, mashina qismlarining ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan xizmat ko’rsatish muddati tugaguniga qadar yaroqliligini oshirish bilan bir qatorda ularning sifatini yaxshilash va tiklash xarajatlarini kamaytirish hisoblanadi. MPLda mazkur vazifalarni hal etish eritib qoplash uchun yedirilishga bardoshli qotishmalar, shuningdek, qismlarning ish yuzalariga qo’llash imkonini beruvchi texnologiya va uskunalarni ishlab chiqish hisobiga amalga oshiriladi. Eritib qoplash metallar ish yuzasining ekspluatatsiya xususiyatlarini yaxshilash va chizma o’lchamlarini tiklash hisobiga uskunalar hamda mashina detallarini mustahkamlash va ta’mirlashning eng istiqbolli yo’llaridan biri bo’lib hisoblandi.
Laboratoriya o’z faoliyati davomida zamonaviy texnologik metodlar bilan yo’lning ustki tuzilishi, harakatlanuvchi tarkib tugunlari va detallarininig yedirilishga chidamliligini oshirish bo’yicha jahon andozasi va tajribasini o’rganadi, umumlashtiradi va tahlil qiladi.
Ko’p elektrodli usul qo’llanilgan payvandlash-eritib qoplash ishlari sifati va samaradorligining texnik darajasini oshirish bo’yicha o’z tadqiqotlarini olib boradi. Ko’p elektrodli usul jarayonning yuqori samaradorligini va eritib qoplangan metallning sifatliligini hamda solishtirma issiqlik chiqishini pasaytirib, oqibatda detalning erib ketishi va egilishining kamayishini ta’minlaydi.

Laboratoriyaning ilmiy ishlanmalari

O’tgan asrning 60-yillaridan boshlab, ishlab chiqarishda keng qo’llaniladigan bir qator ilmiy o’zgarishlar, jumladan, flyus qoplash orqali eruvchan elektrodlar bilan va karbonat angidrid muhitida, legirlangan shixta qatlami bo’ylab, kukunli sim yordamida ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash texnologiyasi amalga oshirildi. Jahon amaliyotida ilk marta diametri 2 va 3 mm bo’lgan ingichka devorli detallarni o’nta elektrod simlari bilan payvandlash uchun uskunalar hamda ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash texnologiyasi namoyish etildi. Ishlanmalar orasida deyarli barcha detallarni – lokomotivlarning osma ressor validan tortib, metallurgiya kombinatlarining diametri 900mm bo’lgan prokat valigacha payvandlash imkonini beruvchi ko’p elektrodli payvandlash va eritib qoplash uchun uskunalar konstruksiyasi ishonchli va ravon ishlashi bilan alohida o’rin egallaydi. Tadqiqot natijalari Moskvadagi xalq xo’jaligi yutuqlari ko’rgazmasida ikki marotaba namoyish etilib, bitta kichik oltin va bitta kumush medalni qo’lga kiritgan.
Bugungi kunda temiryo’l transporti, tog’-kon metallurgiya uskunalari, yo’l qurilishi va qishloq xo’jaligi texnikasining tez yediralidigan qismlarini tiklash va xizmat muddatini uzaytirish bilan bog’liq 33ta texnologik yechimlar ishlab chiqilib, ishlab chiqarishga topshirildi.
Ulardan ba’zilari quyidagilardir:
1. Temiryo’l transporti:
– statsionar sharoitda va yo’llarda strelkali o’tkazgichning krestovinasini ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar;
– yuk vagonlari g’ildiraklarining qirrasi va ularning aylalanish yuzasini ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar;
– avtoulagich detallari va korpusini ko’p elektrodli qo’lda va avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar;
– yuk vagonlari aravalarining tebranishini so’ndiruvchi friksiyali po’lat ponasini ko’p elektrodli avtomatik elektroshlakli eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar
2. Tog’- kon metallurgiya uskunalari:
– aglomeratsiya mashinalarining “pallet”ini ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar;
– transporterlar reshtaklari va chiziqli bo’limlarni ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar;
– simli g’alvirlarning yassi taxtachasini ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar;
– ekskavatorlar cho’michlarining tishlarini ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar
3. Yo’l-qurilish va qishloq xo’jaligi texnikalari:
– traktor va ekskavatorlarning tayanch g’altaklarini ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar;
– rotorli maydalagich, «bil shekoviy» va zirxli plitalarini ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar;
– ko’mir maydalovchi charxpalak «bil»ini ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar;
– skreperlar, greyderlar va buldozerlar pichoqlarini ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar;
– lemexlar pluglarini ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uchun texnologiya va uskunalar.

Ishlab chiqilgan texnologiyalarning imkoniyatlari

Ishlab chiqilgan texnologiyalar qismlarga xizmat ko’rsatish muddatini 2 dan 4 martagacha oshirish imkonini beradi. Bunda kam uglerodli sim hamda AN60 yoki AN348A markali flyus ishlatilib, legirlash esa detallarning yuza qismiga ferroqotishmali kukun sepilgan holda amalga oshiriladi.
Yedirilishga bardoshli qotishmalar va ko’p elektrodli avtomatik eritib qoplash uskunalarini qo’llash vazifasiga qarab quyidagi imkoniyatlarni beradi:
– eritib qoplash samaradorligini 200 kg/soatgacha oshirish;
– bir marotaba qoplashda eni 100 mm dan ortiq, qalinligi 12 mm gacha
bo’lgan qatlam hosil qilish;
– payvandlash nuqsonlari paydo bo’lishini kamaytirdigan va qayta tiklash
jarayonining samaradorligini oshiradigan texnologik o’tishlar sonini cheklash;
– qattiqligi 65 HRCgacha bo’lgan eritib qoplangan metallni hosil qilish;
– ta’mirlash xarajatlarini va uskunaning ishlamay qolish vaqtini qisqartirish.
MPL eruvchan elektrodli metall hajmini oshirish orqali eritib qoplash yoki qo’lda elektryoyli payvandlash samaradorligini oshirish uchun standart elektrushlagich bilan ishlaydigan kassetali payvandlash qurilmasidan foydalanilishini taklif qiladi. Kassetali qurilma diametri 3-4mmli 4 ta elektrodni o’rnatishga mo’ljallangan. Bunda, elektrodlarning turli markalarini o’rnatish imkoniyati tug’iladi. Bu esa, turli xil xususiyatlar to’plamiga ega bo’lgan eritib qoplangan metallni olish imkonini beradi. Bir elektrodli qoplash bilan solishtirilsa, qo’lda ko’p elektrodli eritib qoplash texnologiyasi samaradorlikni 4-5 marotaba ko’paytirib, metallni kuyishi va sachrashi isrofini kamaytiradi, payvandlash “post”ini ishlatilish koeffisiyentini oshiradi va elektr energiyasining solishtirma sarfini 20-30%ga qisqartiradi, elektrodlarni almashtirishdagi uzilishlarni kamaytirish tufayli eritib qoplangan metall sifatini yaxshilash imkonini beradi.

Laboratoriya faoliyati
Detallarni eritib qoplashning ilmiy asoslangan texnologiyanisini ishlab chiqish davomida laboratoriya xodimlari tomonidan eritib qoplashning issiqlik, metallurgiyali va deformatsiya jarayonlarini qayta tiklangan detallar materiallarining mexanik xususiyatlari va tuzilmasiga ta’sirini o’rganish yuzasidan tadqiqotlar olib boriladi.
MPL xodimlari xalqaro va milliy ilmiy-texnik konferensiyalarda, shuningdek tajriba almashish bo’yicha ilmiy-amaliy seminarlarda, metallurgiya, materialshunoslik, payvandlash va quymakorlik sanoati sohasidagi yutuqlar, innovatsion g’oyalar, texnologiyalar va loyihalar haqida ma’lumotlarga ega bo’lish uchun shahar va respublika yarmarkalarida faol ishtirok etadilar.
MPLning payvandlash va eritib qoplash uskunasini zamonaviy payvandlash uskunalari (KIU – 1201 (Ukraina) statsionar payvandlash uskunasi, ta’minlash manbai bilan); PURM – 180M (Rossiya) metallni havo-plazma yordamida kesuvchi yarim avtomat apparati; LIGA – 31 (Rossiya) gazli payvandlash elektroliz uskunasi; NORMA – 200 (Rossiya) yarim avtomatik inverter manbali uskuna, shuningdek zamonaviy metallografiya uskunalari (Brillant 250 E (Germaniya) jilvirlab kesish mashinasi; Kristall – 620 (Germaniya) avtomatlashtirilgan elektrolit uskunasi; metallografik mikroskop Nikon Eclipse LV 100D (Yaponiya); metallning qattiqligini aniqlash qurilmasi Novotest (Gollandiya)dan foydalangan holda yaratilishi ustida ish olib borish bilan bog’liq tajribalar amalga oshiriladi
MPLda nomzodlik va magistrlik dissertatsiyalarini tayyorlash va himoya qilish uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan ta’lim bazasi yaratilgan bo’lib, bugungi kungacha bu yerda 6 nafar fan nomzodi va 25 nafar magistrlar tayyorlandi, 3 ta monografiya nashr qilindi, 200 dan ortiq ilmiy ishlar chop etildi.
2016 yildan boshlab, MPL xodimlari tomonidan mavjud asbob-uskunalar asosida «O’zbekiston temir yo’llari»AJning ta’mirlash korxonalari payvandchilarini «Harakatlanuvchi tarkibni qurish va ta’mirlash ishlarida elektr va gazli payvandlash uskunalari va texnologiyasi» yo’nalishi bo’yicha malaka oshirish guruhlarida
mashg’ulotlar olib bormoqdalar.
Shuningdek, «O’zbekiston temir yo’llari» AJ korxonalariga payvandlash, eritib qoplash va metallografik tadqiqot ishlarini olib borish bo’yicha muntazam ravishda maslahat yordamini berib kelmoqdalar.
MPLda Moskva po’lat va qotishmalar institutining qora metallurgiya sohasi bitiruvchilari faoliyat yuritadi. Ularning faoliyat yo’nalishi ikkilamchi resurslardan quyma detallar tayyorlashda, shixta materiallarining sifati va miqdoriga ta’siri bo’yicha tadqiqot olib borish va eng yaxshi tarkibiy xususiyatlarni ta’minlashda ularni tanlash yuzasidan tavsiyalar berib borishdan iborat.

Mumkin bo’lgan hamkorlik yo’nalishi

Laboratoriya xodimlari mashina va uskunalarning tez yediriladigan qismlarini elektrshlakli eritib qoplash va ko’p elektrodli tiklash hamda mustahkamlash uchun maydonlar yaratishda respublikaning mashinasozlik va kon-metallurgiya kombinatlarini hamkorlik qilishga taklif etadilar.
Yedirilishga bardoshli qotishmalarni eritib qoplashning yuqori mahsuldor texnologiyasini jalb etish, faqatgina tiklash va ta’mirlash uchun mos qismlarni mustahkamlash imkonini beribgina qolmay, balki metallomga yuborilgan yedirilish chegarasidan oshib ketgan qismlarning muddatini ham uzaytiradi.
Quyidagi yo’nalishlarda ham hamkorlik qilinishi mumkin:
– metallshunoslik va metallurgiya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib
borish;
– materiallarni metallografik va mexanik sinovlardan o’tkazish;
– metallurgiya va payvandlash ishlab chiqarish uchun ilmiy-texnikaviy hujjatlarni ishlab chiqish.