Yusufbek kelajakda sensorli traktorlar yaratish ustida izlanmoqda

17 noyabr – Xalqaro talabalar kuni

Yurtimizda iqtidorli yoshlar, o‘z oldiga katta va yuksak maqsadlar qo‘yib bilim olayotgan talabalar ko‘p. Xalqaro fan olimpiadalarida, bilimlar bellashuvlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Vatanimiz shuhratiga shuhrat qo‘shayotgan yigit-qizlar bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Yosh avlodning ilm va salohiyat borasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishi, avvalo, Prezidentimiz va davlatimiz tomonidan navqiron avlod uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratib berilayotgani tufayli amalga oshmoqda. Zero, mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatiga aylangan.

Bugungi kunda ilk muvaffaqiyatlari bilan ko‘pchilikning e’tiborini qozongan talaba yoshlardan biri Yusufbek Shermuhammedovdir. U ayni paytda Toshkent davlat transport universitetining magistratura bosqichida tahsil olmoqda. Ko‘p yillik boy tajribaga ega malakali ustoz va murabbiylar bilimga chanqoq, o‘z ustida qunt bilan ishlashdan tolmaydigan izlanuvchan talabaning ilm-fan sohasidagi dastlabki dadil qadamlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqdalar. Aytish joizki, Yusufbekning o‘zi ham bir zum bo‘lsa-da, o‘qib-izlanishdan to‘xtagani yo‘q.

Ana shu sa’y-harakatlarning natijasi o‘laroq, u Toshkent davlat avtomobil yo‘llari institutining bakalavr bosqichini a’lo baholar bilan tamomladi. Ayniqsa, 2017 yil yosh izlanuvchi-tadqiqotchi uchun omadli keldi. U ta’lim va ilm-fan sohalari rivojlangan davlatlardan biri bo‘lgan Germaniya Federativ Respublikasida yosh olim sifatida malaka oshirdi va u erda O‘zbekistonlik yoshlar iqtidorli va shijoatli ekanini amalda isbotladi.

Yusufbek 2018 yilda o‘z oldiga qo‘ygan yana bir yuksak marrani qo‘lga kiritdi, Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi. Bugungi kunda u o‘ndan ortiq ilmiy ishlanmalar, maqolalar muallifidir. Hozirgi paytgacha yosh olim uchta ilmiy ishi uchun patent olishga muyassar bo‘ldi. Yu.Shermuhammedov yosh bo‘lishiga qaramasdan, Toshkent traktor zavodi bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan zamonaviy traktorlarning tuzilishi, ularni mahalliy sharoitga mos va qulay tarzda takomillashtirish, samardorligi va natijadorligini oshirish ustida qizg‘in izlanishlar olib bormoqda. Haqiqatan ham, iqtidorli, nazariy jihatdan o‘qish va bilim olishda yuqori natijalarga erishayotgan yosh olim bilim va amaliy tajribani o‘zaro chambarchas va uyg‘un tarzda olib borish zarurligini anglab etgan.

Kezi kelganda yosh bo‘lishiga qaramasdan, jiddiy yutuqlarga erishayotgan Yusufbekning oilasi haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tish o‘rinli bo‘lar edi. U ziyoli oilada dunyoga keldi. Otasi Abdulaziz Shermuhammedov texnika fanlari doktori, professor, ko‘plab yosh olim va mutaxassislarning ustozi bo‘lib, mamlakatimiz ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. Onasi Saodat Shermuhammedova ko‘p yillardan buyon Toshkent shahar o‘qituvchilarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida o‘qituvchi-ustoz bo‘lib ishlaydi. Uch farzandning kenjasi bo‘lgan Yusufbek oiladagi sog‘lom muhit sababli bolaligidan ilmga qiziqdi, har qancha mashaqqatli bo‘lmasin, puxta bilim olishga astoydil bel bog‘ladi.

U bolaligidan otasining ishxonasiga borar, bu erda ilmiy-amaliy jarayonlarni, tajribalarni ko‘rib va kuzatib, kelajakda otasi kabi olim bo‘lib etishishni orzu qilar edi. Qiziqishlari uni 2015 yilda Toshkent davlat avtomobil yo‘llari institutiga boshladi. Toshkent davlat transport universitetida ta’lim olar ekan, albatta, har qanday ezgu niyatga tinimsiz mehnat va izlanish etish mumkin ekanini Yusufbek yaxshi tushundi. Hozirda u o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan orzularga bir-bir erishib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

Hech shubhasiz, inson murabbiy va ustozsiz hayotda biror bir ulkan natijaga erishishi qiyin. Shu o‘rinda Yusufbekning ustozlari haqida ham to‘xtalib o‘tish joiz deb bilamiz. Texnika fanlari nomzodi Gulsara Annaqulova, PhD yo‘nalishida Anvar Tog‘aev ilmning igna bilan quduq qazishdek mashaqqat ekanini, bu borada faqat qat’iyatli va shijoatli insonlargina muvaffaqiyatga erishishi mumkinligi to‘g‘risida Yusufbekka ham ilmiy, ham hayotiy jihatdan muhim saboqlar berishmoqda.

Xususan, Anvar Tog‘aev hozirda yosh olimning ilmiy rahbaridir. Ustoz va shogird hozirgi kunda kichik qishloq xo‘jaligi texnikalarini takomillashtirish yuzasidan ish olib borishmoqda. Toshkent qishloq xo‘jaligi zavodida yangi bog‘dorchilik traktorining bugungi davr talablariga mos holda rul mexanizmi parametrlarini asoslash ustida ish olib borilmoqda. Bu traktorlar yangicha uslubda maxsus robotlar orqali boshqariladi. Yusufbekning kelajakdagi orzulari bisyor. U tsensorli boshqariladigan traktorlar yaratish va amaliyotga tatbiq etishni niyat qilgan.

Ma’lumki, yurtimizda tengdoshlarimizning xorijiy tillarni o‘rganishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Bu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalangan Yusufbek ham ingliz va rus tillarini puxta o‘zlashtirishga harakat qilmoqda.

U badiiy kitoblar o‘qishga qiziqadi. Bo‘sh paytlarida, bunday vaqt kam bo‘lsada, o‘zbek adiblari va chet el yozuvchilari asarlarini mutolaa qiladi.

Biz 17 noyabr – Xalqaro talabalar kuni arafasida iqtidorli talaba, ilm so‘qmoqlarida dadil borayotgan Yusufbek Shermuhammedov haqida bejiz hikoya qilmadik. Zero, kelajakda Yusufbek kabi salohiyatli va iqtidorli yoshlar yurtimizda yanada ko‘payishiga hamda Vatanimiz ilm-fani shuhrati va dovrug‘ini olamga tarannum etishiga qat’iy ishonamiz.

Universitet matbuot xizmati