Qo‘shma dasturlar fakulteti xalqaro seminar o‘tkazdi

2020 yil 13 noyabr kuni Toshkent davlat transport universiteti (TDTU) va Belorussiya milliy texnika universiteti (BNTU) Qo‘shma dasturlar fakulteti, BNTUning Transport kommunikatsiyalari fakulteti “Geodeziya va aerokosmik texnologiyalar” va TDTUning “Yo‘llarni qidiruv va loyihalash” kafedralari professor-o‘qituvchilari, talaba- magistrantlari ishtirokida xalqaro onlayn seminar bo‘lib o‘tdi.

“Transport qurilishida axborotlarni modellashtirish” mavzusida tashkil etilgan xalqaro seminar ishini Qo‘shma fakultet dekani, professor Alimjon Risqulov kirish so‘zi bilan ochdi. Alimjon Risqulov o‘z so‘zida O‘zbekistonda yo‘l sohasida olib borilayotgan qurilish ishlari, yangilanish davrida ta’lim va ishlab chiqarishga qaratilayotgan e’tibor haqida ma’lumot berdi. Toshkent davlat transport universitetida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar hamda o‘zaro hamkorlik aloqalari to‘g‘risida fikr bildirdi.

Seminarda BNTUning “Geodeziya va aerokosmik texnologiyalar” kafedra mudirasi dotsent Irina Pak va “Avtomobil yo‘llar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Nadejda Shishko tomonidan tayyorlangan “Transport qurilishida informatsiyani modellashtirish” mavzusida va TDTUning “YQ va L” kafedrasi dotsenti A.Tulyaganov “Nuqtaning balandligini aniqlash usullari” mavzusida ma’ruzalar taqdimoti tinglandi.

Ma’ruzalar so‘ngida onlayn ishtirok etgan talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘zlarni qiziqtirgan savollariga javob oldilar. Seminar yakunida kelgusida bunday onlayn-seminarlarni tashkil etish rejasi tuzib olindi.

Qo‘shma dasturlar fakulteti axboroti