“Zebolar bahsi”da institut talabasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi

Jamiyatni ma’naviy rivojlanishi uning ayollarga bo‘lgan e’tibori bilan belgilanadi. Zotan, ayoli jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol yurt sog‘lom kelajakni yaratadi. Shu bois ham davlatimiz rahbari ayollar bilan bog‘liq masalalarni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi. Zotan, ayoli sog‘lom fikrli yurtning kelajagi buyuk bo‘lishi shubhasizdir.

Bugungi kunda barcha sohalarda bo‘lgani kabi temir yo‘l tizimida ham ayollar mehnatini qadrlash, temiryo‘lchi xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy, tibbiy, ma’naviy muhofaza qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aktsiyadorlik jamiyati xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi hamda O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti hamkorlikda temir yo‘l tizimidagi o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan iste’dodli talaba qizlar o‘rtasida “Zebolar bahsi” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish an’anaga aylangan.


Ko‘rik-tanlov Nizomiga asosan Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent, Samarqand, Qo‘qon temir yo‘l transporti kasb-hunar kollejlari hamda Mirobod Akademik litseyining boshlang‘ich xotin-qizlar qo‘mitalari hamda Yoshlar Ittifoqi etakchilar kengashi bilan hamkorlikda joriy yilning oktyabr-noyabr oylari davomida tanlovning 1-bosqichi o‘quv yurtlari miqyosida o‘tkazildi.


Ikkinchi bosqich 8-dekabr O‘zbekiston Respublikasi Konstituttsiyasining 27 yilligi munosabati bilan o‘quv yurtlarida g‘olib bo‘lgan 5 nafar g‘olib talaba qizlar o‘rtasida joriy yilning 2 dekabr kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti anjumanlar zalida o‘tkazildi.


“Zebolar bahsi” ko‘rik-tanlovi ishtirokchilari “Tanishtiruv”, “Savol-javob”, “Eng zukko kitobxon”, “Erkin mavzu” shartlari bo‘yicha bellashdilar. Har bir ishtirokchilarning chiqishlarini hakamlar xay’ati odilona baholab bordi. “Zebolar bahsi” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichida shartlar bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plagan ishtirokchi Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti 2-bosqich talabasi Maftuna Karimova I–o‘rinni egalladi. Shuningdek, ballar hisobida ishtirokchilar “Eng zukko ishtirokchi” nominatsiyasida Samarqand temir yo‘l transporti kasb-hunar kolleji 2-bosqich o‘quvchisi Baxtiniso Irisova, “Eng nazokatli ishtirokchi” nominatsiyasida Toshkent temir yo‘l transporti kasb-hunar kolleji 3-bosqich o‘quvchisi Ruxshona Nurmatova, “Eng yaxshi ijro uslubi uchun” nominatsiyasida Qo‘qon temir yo‘l transporti kasb-hunar kolleji 3-bosqich o‘quvchisi Gulzodaxon Usmonova, “Muxlislar mehrini qozongani uchun” nominatsiyasida Mirobod Akademik litseyi 1-bosqich o‘quvchisi Farzona Fayzullaevalar g‘olib deb topildilar.


G‘olib va ishtirokchilar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ xotin-qizlar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkilotining “Faxriy yorliq” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.


Muhtaram Yurtboshimiz Sh.Mirziyoevning “Er yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi” degan so‘zlarining o‘zi ham ayol bilan jamiyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikning naqadar muhim ekanini isbotlaydi. “Zebolar bahsi” ko‘rik-tanlovi ham temir yo‘l tizimida xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor va ehtiromni o‘zida aks ettiradi.

Dilafruz Karimova,
O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati
temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti
ijrochi direktori