Qo‘shma korxona rahbari: Yoshlardan saboq olgani keldim

2019-yil 30-noyabr kuni «Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi tashabbusi bilan tadbirkor va ishbilarmon ayollar bilan davra suxbati tashkil etildi.


Hayotda muvaffaqiyatga erishgan, unga yetishish yo‘llari va yuzaga keladigan qiyinchiliklaridan boxabar insonning shaxsan o‘zidan o‘rganishning samaradorligi yuqori bo‘ladi. Shu bois o‘z sohasining ustalari va ilg‘or yetakchilarining mahorat darslari foydali. “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan davra suxbati talabalar tomonidan qizg‘in kutib olindi.

Oshkora va samimiy muloqot tarzida kechgan tadbirda yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmasini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Talaba-yoshlar malakali tadbirkorlar “Inter stal” qo‘shma korxona bosh direktori Malika Kadirxanova, “Shaxliya” MChJ raisi Shoxista Madiyarovalarning tajribalarini tinglash barobarida, yosh ishbilarmonlar “Hello smart kids” MChJ rahbari Shaxnoza Uskanova, “Yangiobod istiqboli” xususiy mehmonxona rahbari Oysha Uralovalarning kichik biznesni rivojlantirish yuzasidan bildirgan tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdilar.


Ayniqsa, Savdo-sanoat palatasi Markaziy kengash a’zosi Malika Kadirxanovaning hammasiga ulgurish siri, muvaffaqiyatni rejalashtirish jihatlari, ish va shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanatni ushlash mashaqqati kabi masalalarda bildirgan fikrlari katta qiziqish bilan tinglandi.


– Ayol rahbarlar talabchanroq va e’tiborliroq hamda “nafis tuyg‘uga ega” bo‘ladilar. Har qanday talabchanlik esa avvalom bor, fikr, ilm va g‘oya bilan sug‘orilgan bo‘lishi zarur, – deydi Malika Akbarovna. – Ishlab chiqarish kombinatsiyalarini yangilashda Sizlarni bilimlaringizni o‘zlashtirishga va Sizlarni o‘z qarashlarim bilan rag‘batlantirishga keldim.


Muloqot yakunida Malika Akbarovna Kadirxanova taklifiga ko’ra institut talaba-qizlari bilan alohida suxbat uyushtirildi. Muloqotda ishtirok etgan barcha talaba-qizlarga tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq amaliy tavsiyalar berildi. Biznes-reja va g‘oyaga ega bo‘lgan qizlarga amaliy yordam ko‘rsatishga kelishib olindi.


Qisqa fursat ichida “Iqtisodiyot va menejment” kafedrasi va “Inter stal”qo‘shma korxona bilan hamkorlik memorandum imzolash va hamkorlikning asosiy sharti sifatida talabalarni yanada ilmli va tashabbuskor qilish g‘oyasi Malika Kadirxanova tomonidan ilgari surildi.
Suxbat yakunida faol talabalar taqdirlandi.

Axborot xizmati