Dolzarb muammolarning oqilona yechimi yangi avlodning dunyoqarashi va ishtirokiga bevosita bog‘liq

Kuni kecha Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida Oliy ta’lim muassasalari yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlari uchun talaba-yoshlar bilan ishlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahri va poytaxt viloyati oliy ta’lim muassasalarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorlari ishtirokida o‘tgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3775 qarorining ijrosini ta’minlash masalasiga qaratildi.

Aholining qariyb 65 foizini tashkil etadigan va dunyo bo‘yicha eng yosh mamlakatlardan biri sanalgan – yurtimizda navqiron avlod vakillari o‘rtasida ilm-fanni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarning ilmiy izlanishlar olib borishi uchun shart-sharoit yaratish, kreativ yondashuvlarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar egallagan bilimlarini ishlab chiqarish bilan integratsiyalashuvidagi muammolarni bartaraf etish hayot-mamot masalasi sifatida qaralmoqda.

Anjumanda oliy ta’lim muassasalarida bilim olayotgan va faoliyat yuritayotgan yoshlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy kamoloti, aql-zakovati, kuch-qudrati va bunyodkorlik g‘oyalarini yuzaga chiqarishda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.

Shu bilan bir qatorda oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishga, respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangilanishlarda faol ishtirok etishda to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi.

Mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllanib ulgurgan bugungi kunga kelib, yoshlar hayoti bilan bog‘liq masalalarni birgalikda intilishlar, hamkorlikni kengaytirish hamda kuchaytirish orqali hal etish zarurligi seminar ishida tinglangan ma’ruzalarning asosini tashkil etdi.

Tadbirda qatnashgan O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi va O‘zbekiston musulmonlar idorasi vakillari yoshlarda g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish, ularni jamiyatdagi integratsiyaga ma’naviy psixologik ko‘maklashish, oilaning muqaddas qadriyatlarini ularning tafakkuriga singdirishning innovatsion usullaridan foydalanish yuzasidan treninglar tashkil etildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Bozorov har oyda bir marotaba seminarlar tashkil etish taklifini kiritdi.