Ko‘xna Xivaga temir yo‘l yetib keldi.

Prezidentimiz 2017 yil yanvarь oyida Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Urganchdan Xivagacha temir yo‘l va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo‘lda elektropoezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish lozimligini qayd etgan edi. Qisqa fursatda bu ezgu tashabbus amalga oshdi.

Vokzal binosining tashqi ko‘rinishi Xorazm me’morchiligi namunalarini o‘zida aks ettirib, unda zamonaviy VIP-zal, ona va bola, tibbiyot xonalari mavjud. Vokzalda 35 nafar ishchi bir vaqtning o‘zida 200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. 20 o‘rinli mehmonxona yurtdoshlarimiz va turistlarga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Urganch – Xiva temir yo‘l yo‘nalishi va Xiva vokzali rasman ochildi. Kelgusida Xivagacha “Afrosiyob” tezyurar poezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz vokzal infratuzilmasini yanada yaxshilash, yo‘lovchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsatish, turistlarga qulaylik va imtiyozlar yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Xiva shahrigacha umumiy uzunligi 33,78 (asosiy yo‘l – 29,6 km) bo‘lgan temir yo‘l qurilishida muhandislik tarmoqlarining temir yo‘l bilan 89 ta kesishmalari qayta barpo qilindi.Ushbu loyiha doirasida 93 ta suv o‘tkazuvchi sun’iy inshoot, 5 ta ko‘prik va 1 ta yo‘l o‘tkazgich qurib bitkazildi. Xivada vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish va stantsiya yangi binosi qurib bitkazilib, zamon talablariga munosib jihozlandi.

Umumiy qiymati 35,9 million AQSh dollarini tashkil qilgan loyiha qurilishida Kapital qurilish direktsiyasi, Maxsus mexanizatsiyalashgan yo‘l stantsiyasi, Urganch yo‘l masofasi, Xorazm temir yo‘l qurilish unitar korxonasi, 203-279 yo‘l mashina stantsiyasi vakillarining mehnati singdi.

Xiva vokzalidan chiqishingiz bilan yangi milliy uslubdagi mehmonxonalarga ko‘zingiz tushadi. Ularning yaqinida esa «Xiva-Lokomotiv» parki hamda zamonaviy gipermarket bunyod etilmoqda.

«Xiva shahrida temir yo‘l vokzali qurilishi bilan birga, turizmni rivojlantirish maqsadida yangidan yangi mehmonxonalar ham bunyod etilmoqda. Ayni damda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan 74 nafargacha mehmonni qabul qiluvchi, barcha qulayliklarga ega mehmonxona qurilishining yakuniy ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, hududda 84 va 56 o‘ringa mo‘ljallangan yana ikki mehmonxona, 70 o‘rinli restoran  ham qad ko‘tarmoqda. Bundan tashqari, «Xiva-Lokomotiv» istirohat bog‘i barpo etilmoqda. Unda 57 sotixli ko‘l, 27 xil attraktsion, amfiteatr, zamonaviy savdo rastalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Xiva aholisi tashkil etilgan temir yo‘lni keltirish munosabati bilan shahar va shahar atrofida turizm jozibadorligini oshirish, shuningdek, mahalliy aholi dam olishi bilan bog‘lik ko‘plab sayilgohlar, xiyobonlar, bog‘lar, gulzorlar yaratilishi, yangi turar-joylar, muhtasham imoratlar qad rostlashini mamnuniyat bilan bildirdi.