Rektor M.X.Rasulovning tabrik maktubi

Assalomu alaykum.

Davlat stipendiantlari ota-onasiga!

Avvalo, Sizni va Siz orqali oila a’zolaringizni farzandingiz Davlat stipendiyasi sohibi bo‘lganligi bilan samimiy qutlayman.

Yurtimizdagi har bir oila, har bir ota-ona o‘z farzandlari qiyofasida olijanob insoniy fazilatlarni namoyon etishga qodir insonni ko‘radi, ularning baxtli-saodatli bo‘lishini orzu qiladi.

Yaxshi niyat bilan parvarish qilingan daraxtning dastlabki mevasi hamisha totli bo‘lgan. Sizdek baxtiyor ota-ona chehrasiga g‘oyibona boqib, ulug‘ maqsadlaringizning shirin mevasi, olijanob intilishlaringizning ilk nishonasini ko‘rib turibsiz desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Odamzod dunyoda juda ko‘p kasbu hunarning egasi bo‘lishi mumkin. Quruvchi, dehqon, bog‘bon, olim bo‘lib nom qozonish, mol-mulk, boylik orttirish mumkin. Lekin Alloh taolo insonga ato etgan eng katta boylik, eng ulug‘ burch borki, uni dunyodagi hech bir narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Bu – farzand ko‘rish, ota bo‘lish, ona bo‘lish baxtidir. Bu faqatgina baxtu saodat emas, balki Yaratganning oldida, elu yurt oldida juda katta mas’uliyat ham demakdir.

Shu ma’noda, bu mukofot o‘z vazifasini sidqidildan ado etayotgan, farzandini kamoloti uchun o‘zini bag‘ishlagan Siz azizlarniki desam, farzandingiz mendan ranjimaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning e’tibori yoshlar kelajagiga tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.

Institutimizda ta’lim berayotgan professor-o‘qituvchilar qalbida ham faxr va mehnatlarining samarasi sifatida e’tirof etilgani, ular ham Siz azizlarni chin dildan tabriklayotganligini aytib o‘tishni lozim topdim.

Yana bir bor Sizlarni farzandingizning yutug‘i bilan tabriklab, xonadoningizga mehru oqibat, baxtu saodat va tinchlik-totuvlik tilayman!

 

 

 

Rektor          M.X.Rasulov.

2018 yil 1 noyabr