Institut zebolari bellashdi

Institut faollar zalida “Zebolar bahsi – 2018” an’anaviy tanlovi o’tkazildi. Tanlov institut xotin-qizlar qo’mitasi (N.Xodjaeva) tashabbusi bilan “O’zbekiston temir yo’llari” aktsiyadorlik jamiyati xotin-qizlar qo’mitasi, O’zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati temir yo’l mintaqaviy tashkiloti, Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi hamda yetakchilar Kengashi hamkorligida tashkil etildi.

“Faol tadbirkorlik, innovatsion goyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi, 2018 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga oid chora-tadbirlar Dasturlari ijrosini ta’minlash, qizlar o’rtasida ilm – ma’rifatni yuksaltirish, sog’lom turmush-tarzini targ’ib etish, onalik va bolalikni ijtimoiy himoyalash bo’yicha olib borilayotgan islohotlar mohiyatini yoshlarga yetkazish, kasbga bo’lgan mehrni oshirish, xotin-qizlarni muqaddas tariximiz, an’analar, milliy urf-odatlarga chuqur hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalash, sog’lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda to’rtta fakultetdan to’rt nafar iqtidorli talaba – qizlar o’zaro bellashdi.

Barcha fakultetlardan qatnashgan ishtirokchilar  “Tanishtiruv”, “Savol-javob”, “Eng zukko kitobxon”, “Karving san’ati” va “Erkin mavzu” shartlarida bellashdilar.

Shartlarni institut kasaba uyushma qo’mitasi boshlang’ich tashkiloti yo’riqchisi Dilbar Qodirova, O’zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati temir yo’l mintaqaviy tashkiloti yoshlar bilan ishlash bo’yicha yetakchisi Laziza Zakurlaeva, “O’zbekiston temir yo’llari” aktsiyadorlik jamiyati yetakchilar kengashi koordinatori Oynisa Norboeva, “Zaminobod” mahallasi xotin-qizlar bilan ishlash bo’limi va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo’yicha mutaxassis, yurist Karima Parpievalardan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi.

Shartlar oralig’ida institut badiiy havaskorlar to’garagi a’zolari tomonidan ajoyib kuy va qo’shiqlar, “Quvnoqlar va zukkolar” institut jamoalaridan ajoyib chiqishlar namoyish etildi.

Ko’rik-tanlov yakuniga ko’ra Setora Nurmamatova “Eng zukko ishtirokchi”, Surayyo Abduhakimova “Eng latofatli ishtirokchi”, Dildora Nazarmamatova “Eng qatiyatli ishtirokchi” nominatsiyasida g’olib bo’ldi.

Tanlov g’olibi – “oliy o’rin” sohibasi  Mastura Xodieva temir yo’l tizimidagi ta’lim muassasalari o’rtasida o’tkaziladigan bosqichiga yo’llanmani qo’lga kiritdi. G’oliblar institut kasaba uyushma qo’mitasi boshlang’ich tashkiloti hamda O’QYAOJ temir yo’l mintaqaviy tashkilotining faxriy yorliq, esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.