Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining so‘nggi bitiruvchilari ishga taqsimlandi

Toshkent davlat transport universitetida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aktsiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi bilan hamkorlikda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining so‘nggi bitiruvchilarini ishga taqsimlash va yo‘llanma berish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

2019\2020 o‘quv yilida mazkur institutni 1078 nafar bitiruvchi tamomladi. Bitiruvchilarni bandligini ta’minlash maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aktsiyadorlik jamiyati tasarrufidagi tashkilotlar o‘rtasida ishga qabul qilish bo‘yicha o‘zaro mehnat shartnomasi imzolandi. Magistratura va bakalavriat yo‘nalishlarini davlat granti va shartnoma asosida tamomlagan 735 nafar yosh mutaxassislarga ishga yo‘llanmalar taqdim etildi.

– Ayni damda pandemiya sharoitida ishlab chiqarish korxonalarida ish jarayonlaridan kelib chiqilgan holda qolgan 343 nafar bitiruvchilarni ham ish bilan ta’minlashga qaratilgan ishlar olib borilmoqda, – deydi Toshkent davlat transport universiteti Buyurtmalar portfelini shakllantirish va ishga taqsimlash bo‘limi boshlig‘i Maqsud Xaydarov. – Shuningdek, transport mutaxassislariga extiyoji bo‘lgan yirik sanoat korxonalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

Eng ahamiyatlisi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ buyurtmasi asosida Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalarini hamda Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulьtetning magistratura yo‘nalishini tamomlagan salohiyatli bitiruvchilarning ilmiy izlanishlarini davom ettirish maqsadida Toshkent davlat transport universitetiga ishga qabul qilindi.

Yig‘ilish yakunida bu boradagi Toshkent davlat transport universiteti faoliyati samaradorligini yanada oshirish, Davlat rahbarining 2020 yil 4-maydagi PQ-4703 – sonli qarorida belgilangan maqsadli vazifalar ijrosini o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Axborot xizmati