Kamtarin, kamsuqum va dilkash inson edi

Taniqli olim, “Faxriy temiryo‘chi” ko‘krak nishoni sohibi, texnika fanlari doktori, professor, muhtaram ustoz Telman Ilyasovich Fozilovni kasb bayrami arafasida eslashni lozim deb topdik.
Telman Ilyasovich Fozilov 1937 yil 15 iyunda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1954 – 1960 yillarda O‘rta Osiyo politexnika institutida ta’lim olgach, temir yo‘l qurilishida master sifatida mehnat faoliyatini boshladi. Ustoz bir vaqtning o‘zida ilmiy-ijodiy ishlar bilan ham shug‘ullanib, texnika fanlari bo‘yicha nomzodlik va doktorlik dissetatsiyalarini yoqladi, professor unvoniga sazovor bo‘ldi. Temir yo‘l sohasi, ayniqsa, temir yo‘l qurilishida materiallarining yangi manbalarini yaratishda bir necha yuzlab monografik asarlar va ilmiy maqolalar yozdi.
T. Fozilov nafaqat quruvchi-olim, balki taniqli jamoat arbobi, temir yo‘l qurilishi ishlari bilimdoni va mohir tashkilotchi rahbar, shogirdlariga bag‘ri keng ustoz sifatida O‘zbekiston va undan olis yurtlarga ham tanildi. U tarbiyalab, ta’lim berganlar orasida temir yo‘l sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha fan doktorlari va nomzodlarini dunyoning ko‘plab davlatlarida uchratish mumkin. Telman Fozilovning ishtiroki va rahbarligida amalga oshirilgan o‘nlab ilmiy ishlar qurilish materiallarining kam o‘rganilgan yoki umuman tadqiq qilinmagan mavzularga bag‘ishlangan.
Telman Fozilovning ko‘z oldimizda nafaqat olim, shuningdek, ziyoliligi, o‘ta madaniyatli, kamtarligi va xushmuomalali, yuksak salohiyatli, ma’naviy uyg‘oq, sobitqadam, mehr-oqibatli, shogirdparvar, kamsuqum, dilkash, doimo chehrasida tabassumli inson sifatida gavdalanadi. Yuksak ma’naviyatli, adolatli, oliyjanob fazilatlar egasi bo‘lgan rahmatli ustozimizning ilmiy hamda pedagogik faoliyati bilan bir qatorda namunali hayoti ham kelgusida shogirdlariga ibrat bo‘lib qoladi.

Axborot xizmati