Sport – nafislik va salomatlik asosi

4 mart kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Sport majmuasida institut Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi, Kasaba uyushma qo‘mitasi bilan xamkorlikda 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan sport musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqaga institutning barcha tarkibiy qism va bo‘g‘inlarida faoliyat yuritayotgan ayollar taklif etildi. Unda xotin-qizlar sportning estafetali yugurish, shaxmat, shashka, stol tennisi turlari bo‘yicha kuch sinashdi.

Sport festivalining estafeta (qisqa masofaga yugurish, koptok bilan yugurish, basketbol savatchasiga to‘p tushirish) turi bo‘yicha bahslar shiddatli va murosasiz o‘tdi. Musobaqalarda ishtirok etgan 11 jamoaning barchasi turli nominatsiyalarga sazovor bo‘ldi.

Institut “Jismoniy tarbiya” kafedrasining mahoratli o‘qituvchi va sport murabbiylaridan tashkil topgan hakamlar xay’ati jamoalar o‘rtasidagi bahslarni baholab borishdi.

– Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan an’anaviy o‘tkazilayotgan mazkur katta sport festivali bizni bag‘oyat quvontirdi, – deydi Iqtisodiyot fakulteti xotin-qizlar boshlang‘ich tashkilot etakchisi Muxabbat Qurbanova. – Barcha ayol xodimlarimiz musobaqalarda faol ishtirok etishmoqda, ruhimiz va jismimiz yanada tetiklashdi.

Yakka va jamoaviy shaklda tashkil etilgan sport musobaqalari ayollarni ijtimoiy jihatdan faollashuviga xizmat qildi.

Ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan musobaqalar yakunida g‘oliblarga Kasaba uyushma qo‘mitasining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Manba: Kasaba uyushma qo‘mitasi axboroti.