Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlanadi

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – Transport vaziri Achilboy Ramatov tomonidan Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini zamon talablariga muvofiq takomillashtirish borasida qo‘yilgan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati raisi H.Xosilov boshqargan yig‘ilishda ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi o‘rganishlar natijalari tahlil etilib, sohada kechayotgan islohotlar bilan hamohangligini ta’minlash borasida so‘z bordi. Oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashning maqsadli mezonlarini shakllantirish, institutdagi ixtisoslik yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni aksiyadorlik jamiyatida joriy etilayotgan dasturlarning talab va extiyojlari, temir yo‘l tizimi tarmoqlarini kompleks taraqqiy toptirish istiqbollarini inobatga olgan holda optimallashtirish masalalari tahlil etildi.
Yig‘ilish raisi H. Xosilov mashinasozlik va ko‘priksozlik masalalari bo‘yicha “Vagonlar va vagon xo‘jaligi” kafedrasi, «Elektr transporti va yuqori tezlikdagi elektr harakat tarkibi» kafedrasi va “Ko‘priklar va tonellar” kafedralarining taqdimotlari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi. Tizimda mashinasozlik va ko‘priksozlikka xos mavjud muammolarni yechimini topishda ilmiy laboratoriyalar bazasini mustahkamlashga e’tibor qaratish kerakligini uqtirdi.

Yig‘ilishda konchilik ishi, ko‘mirchilik, geologiya va minerologiya kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlaydigan alohida Konchilik ishi fakultetini tashkil etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar axboroti tinglandi.

Professor-o‘qituvchilar, pedagoglar xodimlarning dunyoqarashini, shaxsiy mas’uliyati va o‘zkasbiga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirmasdan turib, qilinayotgan ishlar samaradorligiga erishish mushkul. Bunday ko‘lamdagi islohotlarni amalga oshirish uchun pedagogik tarkib butunlay yangicha talablar asosida ish olib borishlari lozimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda navbatdagi masala sifatida chet tillarida erkin soʻzlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Gulamov hisoboti tinglandi. Ingliz tili kursi tinglovchi professor-o‘qituvchilari va bitiruvchi bakalavr va magistrantlarga ingliz tilini bilish darajasini aniqlash, darajasi va yo‘nalishidan kelib chiqib, kichik guruxlar tashkil etilganligi qayd etildi.

Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining konchilik ishi va ko‘mirchilik yo‘nalishidagi tajribasini o‘rganish, Xitoy oliy ta’lim muassasalari yetakchi professor-o‘qituvchilarini ta’lim jarayoniga jalb qilish hamda Toshkent davlat texnika universitetining mutaxassis professor-o‘qituvchilari va institut professor-o‘qituvchilaridan iborat guruhni xizmat safariga jo‘natish masalasi o‘rganib chiqildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati raisi H.Xosilov raqobatdosh va yuqori malakali kadrlar tayyorlash, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida ta’lim sifati va samaradorligini tubdan oshirish masalasi jamiyatning ijtimoiy siyosatining asosiy negizini tashkil etishini bildirdi.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aktsiyadorlik jamiyati mas’ul xodimlari va institut rahbariyatiga ko‘rilgan masalalar yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.

Institut matbuot xizmati