O‘zbekistonga zamonaviy payvandlash dastgohlari kirib kelmoqda

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida Shvetsiyaning ESAB kontsernining mamlakatimizdagi yagona rasmiy distribyutori “General Welders” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda “Payvandlash va metallarni kesishning zamonaviy texnologiyalari, payvandlash ishlarining sifati va ta’sirchanligini oshirish” mavzuida xalqaro seminar tashkil etildi.

 

Unda Rossiya va MDH davlatlaridan mutaxassislar, institut muhandislari, talabalar ishtirok etdi.

 

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rektori M.Rasulov va boshqalar yurtimizda barcha sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, bu borada chet mamlakatlar bilan keng ko‘lamli hamkorlik aloqalari o‘rnatilayotgani, bugungi xalqaro seminar ham ana shunday taraqqiyot rivojiga hissa qo‘shuvchi muhim tadbirlardan biri bo‘lganini ta’kidladi.

 

ESAB kontserni yuz yildan ziyod vaqt mobaynida payvandlash va metall kesish ishlari texnologiyalarini ishlab chiqish, payvandlashda standart va avtomat jihozlar, metall kesish uskunalari, himoya vositalari va aksessuarlarni ishlab chiqishda yirik ishlab chiqaruvchi hisoblanadi.

 

Tadbirda payvandlashning sifati va ta’sirchanligini oshirish, jahon talablariga javob beradigan zamonaviy payvandlash dastgohlari va ularning ahamiyati haqida xalqaro mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi. Bu kabi dastgohlarni O‘zbekistonga ham olib kirish va ularni keng tatbiq etish bo‘yicha muhokamalar tashkil etildi.

 

Seminar doirasida zamonaviy turdagi payvandlash dastgohlari, yurtimizda hali amalda qo‘llanilmagan elektrodlar, neftь va gaz sohasida zarur bo‘lgan rezervuarlar, ularning afzalligi va imkoniyatlari namoyish etildi.

 

– Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizga zamonaviy payvandlash uskunalarini olib kirish, sifatli payvandlash samaradorligini oshirishdan iborat, – deydi texnika fanlari nomzodi Nodirjon Tursunov. – Bugun namoyish etilgan dastgohlar ichida alьyuminiyni sovuq payvandlash dastgohi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Chunki ilgari bu dastgoh hali bizning mamlakatimizga etib kelmagan edi. Uning qulayligi shundaki, ilgari biz yorilgan alьyuminiy buyumlarni metallolomga topshirib yuborgan bo‘lsak, ular taklif qilayotgan dastgohlar bilan esa buyumlarni sifatli payvandlab, yana yaroqli holatga keltirib, avvalgidek foydalanish mumkin.