Temiryo’lchi talaba – operada birinchi

O‘zbek xalqi boy madaniyat va san’at sohibidir. Bu borada yoshlarning qo’lga kiritayotgan yutuqlari tahsinga loyiq. Ayniqsa, katta sahnalarda yosh operachilar egallayotgan marralarni ko‘rib ko‘zimiz quvonchga, qalbimiz faxrga to‘ladi. Ular kuylayotgan har bir asarda olam-olam ma‘no, jo‘shqinlik, go‘zallik va joziba bor.

— Оpera ijrochidan tug’ma iqtidor, sabr va izlanishni talab etadi, — degan edi yurtimizda mehmon bo’lgan germaniyalik ijrochi Korinna Ruba. — Tomoshabinlarning olqishi san’atkorning ijodiy faoliyatidagi mashaqqatli onlarni unutishga yordam beradi, uni yanada faol ijod qilishga ilhomlantiradi.

Turli tadbirlardagi ishtirokida institut jamoasining olqishi sabab so’z yuritmoqchi bo’lgan qahramonimizni yanada faol ijod qilishga ilhomlantirgan bo‘lsa ne ajab.

Islambek Uzakbergenov – 2013-yili Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining talabasi degan nomga sazovor bo’ldi. Temiryo’lchi bo’lishni niyat qilgan qahramonimizda opera san’atiga ham qiziqish bo’lgan va opera aytishni niyat qilgan. Darsdan bo’sh vaqtlarida ustozi Jenisbek Piyazovdan opera sirlarini o’rganishni boshladi. Turli tanlovlarda ishtirok etib g’oliblikni qo’lga kirita boshladi.

Qahramonimiz hozirda Rossiya federatsiyasining Imperator Aleksandr I nomidagi Sankt-Peterburg davlat temir yo’llari universitetining magistratura bosqichida o’qishni davom ettirmoqda.

Kuni kecha mazkur universitetda 23 yoshdan 30 yoshgacha bo’lgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Neva-Desant” nomli tanlovning XVI ochiq festivalida mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va 1 – darajali diplom bilan taqdirlandi.

Temiryo’lchi – operachini navbatdagi g’oliblik bilan qutlab, yangi yutuqlarni kutib qolamiz!!