Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Qabul komissiyasi Nizomi

ToshTYMI Ilmiy Kengashining 2015 yil 25 maydagi yig‘ilishining 10–son bayonnomasi qarori bilan tasdiqlangan

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Qabul komissiyasi Nizomi

Umumiy qoidalar

Ushbu Nizom «Ta’lim to‘g‘risida» va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18-iyundagi 118-sonli qarori, “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom va Oliy ta’lim muassasalariga talabalar qabulini tashkil qilish bo‘yicha qabul qilingan amaldagi huquqiy-me’yoriy hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Nizom Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti (keyingi matnda – institut) qabul komissiyasi faoliyatini tashkil etish va amlga oshirishni belgilaydi.
Institutda 1-kursga qabul qilinuvchi abiturientlar, qayta tiklanuvchi va ikkinchi mutaxassislik uchun o‘qishni xohlovchlarning hujjatlarini qabul qilish va kirish sinovlarini tashkillashtirish maqsadida institut rektori buyrug‘i bilan qabul komissiyasi tashkillashtiriladi.
Institut rektori qabul komissiyasi raisi hisoblanadi.
Qabul komissiyasi faoliyatini tashkil qilish uchun institut rektorining buyrug‘i asosida mas’ul kotib, mas’ul kotib o‘rinbosarlari, texnik xodim sifatida institut professor-o‘qituvchilari va o‘quv yordamchi xodimlari jalb etiladi.
Institut qabulni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiradi.
Institutga talabalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Institutga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abiturientlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar test ballari reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar.
Tanlov ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish tillari va shakllariga ko‘ra alohida o‘tkaziladi.

Hujjatlarni qabul qilish
Abiturientlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari institut qabul komissiyasi tomonidan 15 iyundan 15 iyulgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi va hujjatlar qabul qilinganligi to‘g‘risida abiturientlarga belgilangan shaklda tilxat beradi.
Qabul komissiyasiga belgilangan tartibdagi ariza va hujjatlarni faqat abiturientning o‘zi topshiradi. Abiturient institut qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
 ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta’lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma’lumoti yo‘qligi, qaysi chet tilidan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lganlar uning raqamini ko‘rsatishlari hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to‘g‘ri to‘ldirish bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);
 o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
 086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma; 63-shakl-emlanganlik haqidagi tibbiy ma’lumotnoma (abiturientning kasbiy layoqatliligi bo‘yicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markaziy poliklinikasidan tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi haqida belgilangan shakldagi tibbiy ma’lumotnoma);
 pasport (pasport yoshiga etmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 8 dona rangli fotosurat;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan ariza shaklini abiturient shaxsan o‘zi to‘ldiradi.
Abiturientdan talab etilgan hujjatlar qabul komissiyasi xodimi tomonidan qabul qilingach, abiturientga hujjatlar qabul qilinganligi haqidagi tilxat beriladi.
Qabul komissiyasi har bir abiturientga tegishli hujjatlarni abiturientga tegishli alohida yig‘majildda saqlaydi.
Yuqorida keltirilgan hujjatlarda noaniqliklar, kamchiliklar, sifatining talab darajasida bo‘lmasaligi, qalbakilashtirishga urinish holati aniqlansa ushbu hujjatlar qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi.
Abiturient kiyinish ma’daniyatiga rioya qilishi (kalta shim, engsiz mayka kiymasligi va h.k.) va tashqi ko‘rinishiga e’tibor qaratishi (soch-soqoli o‘smagan xolda bo‘lishi va h.k.) talab etiladi.
Tanlovdan tashqari o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
Abiturient arizasida «o‘zim haqimda quyidagilarni ma’lum qilaman» grafasiga hujjatlar bilan tasdiqlovchi holatlar (bolalikdan I va II guruh nogironlari, chin etim va etim, «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari va boquvchisi yo‘q) qayd etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.
Abiturient tomonidan pasport (pasport yoshiga etmaganlar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatiladi.
Harbiy qismlar qo‘mondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab uch yil mobaynida haqiqiy hisoblanishi inobatga olib qabul qilinadi.
Hujjatlar qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so‘ng hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish qat’iyan man qilinadi.
Abiturient tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abiturient test sinovlaridan (oliy ta’lim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.
Institut qabul komissiyasi 16 iyulь kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi orqali Davlat komissiyasiga ta’lim yo‘nalishi, o‘quv shakli va tili ko‘rsatilgan holda, abiturientlarning soni haqida belgilangan shakldagi ma’lumotni imtiyozga ega bo‘lganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan qo‘shib taqdim etadilar.

Tibbiy ko‘rik
O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri bilan kelishilgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisining 2014 yil 20 iyundagi №242-sonli qarori asosida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti qabul komissiyasiga hujjat topshirayotgan abiturientlar ixtisoslashtirilgan tibbiy ko‘rikdan (tibbiy komissiya) o‘tadilar. Tibbiy komissiya xulosasiga asosan abiturientning hujjatlari qabul qilinadi. Tibbiy komissiya xulosasiga ko‘ra tanlagan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kasbga layoqatsiz hisoblangan abiturientning hujjatlari qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinmaydi.
Abiturient ixtisoslashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tishi uchun qabul komissiyasi tomonidan tibbiy ko‘rikka yo‘llanma beriladi. Talabalikka qabul qilingan abiturientning kelajakdagi mehnat faoliyati poezdlar harakati xavfsizligi, insonlar hayoti xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liqligi, tashish va ishlab chiqarish jarayonlarining to‘xtovsizligi va qat’iy jadval asosida tashkil etilganligi, har bir xodimdan turli ekstremal sharoitlarda tezkor va to‘g‘ri qarorlar qabul qilinishi shart ekanligini hisobga olib, abiturient uchun tibbiy ko‘rikka yo‘llanma faqat bir marotaba tanlangan yo‘nalishi uchun beriladi.
Tibbiy ko‘rikning tibbiy tahlillar, tashxislar natijalariga asosan abiturient tanlagan yo‘nalishiga yaroqligi to‘g‘risida yakuniy xulosa chiqarish ma’lum vaqt olishini inobatga olib, tibbiy ko‘rikka yo‘llanma berish hujjatlar qabuli tugashidan bir kun oldin (19 iyulь) to‘xtatiladi.

Horijiy fuqarolarni qabul qilish
Oliy ta’lim muassasalariga xorijiy fuqarolarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Horijiy fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va o‘qitish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida» 2008 yil 4 avgustdagi 169-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Horijiy fuqarolar o‘qishni bitirgach “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ korxonalariga ishga taqsimlanmasligi sababli tibbiy ko‘rikdan o‘tmaydilar.

Test sinovlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish
Qabul komissiyasi raisi tomonidan test sinovlarini o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish to‘g‘risida qabul komissiyasining ish rejasi tasdiqlanadi.
Qabul jarayonini yuqori darajada uyushqoqlik bilan, tartibli ravishda tashkil etish, test jarayonining xolisona va adolatli o‘tishini ta’minlash, abiturientlarga ularning test sinovlari jarayonidagi vazifalari, huquq va majburiyatlarini tushuntirish, test sinovlarini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha zarur sharoitlarni yaratish hamda test sinovlari natijalari bo‘yicha abiturientlar va ularning ota-onalariga to‘liq ma’lumotlar berish qabul komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi.
Qabul komissiyasi qabul jarayoni boshlangan kunga qadar Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 18 iyundagi 118-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom, mazkur Nizom, ta’lim yo‘nalishlari, ta’lim shakli va tili bo‘yicha qabul kvotalari, test o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxatini qabul komissiyasining e’lonlar taxtasiga joylashtiradi.
Qabul komissiyalari test sinovlari o‘tkaziladigan bino va auditoriyalarni belgilangan tartib bo‘yicha test sinovlarini o‘tkazish uchun tayyorlaydi.
Qabul komissiyasi hujjat topshirgan abiturientlar haqidagi ma’lumotlarni hujjat topshirilgan kunning o‘zida qayd daftarlariga va Davlat test markazi tomonidan taqdim etilgan “ABT-Abitur” dasturi orqali bazaga xatosiz kiritadi va ularni elektron suratlari bilan birga Davlat test markaziga taqdim etib boradi.
Ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish shakli va tili bo‘yicha ta’lim muassasasiga topshirilgan hujjatlar soni, shu jumladan, fan olimpiadalari g‘oliblari, harbiy va boshqa imtiyozga ega bo‘lgan hamda ko‘zi ojiz abiturientlar tomonidan topshirilgan hujjatlar haqidagi ma’lumotlar abiturientlar va ota-onalar e’tibori uchun qabul komissiyasi tomonidan har kuni e’lon qilib boriladi.
Qabul komissiyasi test sinovlarini samarali tarzda o‘tishini ta’minlash maqsadida Davlat test markazi vakillari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda auditoriya rahbarlari va kuzatuvchilari uchun test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida amaliy seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazadi.
Qabul komissiyasi belgilangan muddatlarda qabul bo‘yicha ma’lumotlarni Davlat test markazi, hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etib boradi.

Qabul qilish tartibi
Davlat komissiyasining abiturientlarni institutga qabul qilish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingach, 20 avgustga qadar abiturientlarni davlat grantlari bo‘yicha talabalar safiga qabul qilish haqidagi buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos bo‘ladi.
To‘lov-kontrakt asosida abiturientlarni o‘qishga qabul qilish yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan o‘qish uchun kontraktda belgilangan mablag‘ miqdori 15 sentyabrdan kechiktirilmay, belgilangan tartibda o‘tkazilgandan so‘ng, institut rektorning buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
To‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan abiturientlarni 2 sentyabrdan boshlab darslarga qatnashishga ruxsat etish to‘g‘risida institut rektorining buyrug‘i rasmiylashtiriladi.
Abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalari doirasida yagona qabul qoidalari asosida test sinovlarining ballar reytingi bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat komissiyasi tomonidan abiturientlarni to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin institut bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar o‘rtasida belgilangan tartibda kontraktlar rasmiylashtiriladi.
Belgilangan namunadagi kontrakt blankalari institut marketing bo‘limi tomonidan test natijalari e’lon qilingan kundan boshlab beriladi va yuridik shaxslar uchun rahbar va bosh buxgalter tomonidan imzolangan holda 3 nusxada, jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada rasmiylashtiriladi.
Davlat komissiyasi tomonidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan abiturientlar uchun to‘lov har yili kontrakt shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
Kontrakt shartlari va tomonlarning majburiyatlari, ularning amalga oshirilishi tartibi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Qabul komissiyasi xodimlarining vazifalari va majburiyatlari
Qabul komissiyasi mas’ul kotibi yo‘nalishlar bo‘yicha abiturientlardan hujjatlarni qabul qilish, talabalikka tavsiya etilmagan abiturientning hujjatlarini qaytarib berish jarayoniga mas’ul texnik xodimlarni belgilaydi. Mas’ul etib tayinlangan texnik xodimlar hujjatlarning to‘g‘ri va aniq qabul qilinishi, rasmiylashtirilishi, ABS-Abiturient dasturida chop etilgan abiturientning qayd varaqasini ariza bilan mos kelishini tekshirish, talabalikka tavsiya etilmagan abiturient hujjatlarining to‘liq qaytarib berilishiga javobgar hisoblanadi.
Texnik xodim abiturientlar shaxsan imzo qo‘ygan arizasi asosida hujjatlarni to‘g‘riligini tekshirib qabul qiladi va har bir abiturient shaxsiy yig‘ma jildlarini rasmiylashtiradi.

Abiturientlarga hujjatlarni qaytarib berish jarayonini amalga oshirish
Abiturient hujjatlarini qabul komissiyasiga topshirgach, sharoit taqozasiga ko‘ra hujjatlarini qaytarib olmoqchi bo‘lsa, 29 iyulga qadar qabul komissiyasi mas’ul kotibining nomiga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan sanadan keyin hujjatlarini qaytarib olmoqchi bo‘lgan abiturientlarga hujjatlari faqat test natijalari e’lon qilingan kundan boshlab qaytarib beriladi.
Test natijalariga ko‘ra talabalikka tavsiya etilmagan abiturientning hujjatlari keyingi o‘quv yilining qabuliga tayyorgarlik ishlari boshlanguniga qadar (1 iyungacha) qabul komissiyasining texnik xodimlari tomonidan abiturientga qaytarib beriladi. 1 iyundan keyin talabalikka tavsiya etilmagan abiturientlar tomonidan qaytarib olinmagan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda institut arxiviga saqlash uchun topshiriladi.
O‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra talabalikka tavsiya etilmagan abiturientning quyidagi hujjatlari, faqat abiturientning o‘ziga qaytarib beriladi.
-o‘rta ta’lim yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nushasi;
-harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abiturient tavsiyanomasining asl nushasi;
Mazkur hujjatlar abiturientning ota-onasiga, oila a’zolariga, yaqin qarindoshlariga, tanishlariga qaytarib berilishi mumkin emas. Ayrim hollarda istisno tariqasida notarial tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnomaga ko‘ra, ishonchnomada keltirilgan shaxsga abiturientning hujjatlari qaytarib berilishi mumkin.
Talabalikka tavsiya etilmagan abiturientga tegishli hujjatlar qabul komissiyasidan qaytarib olingach, abiturientga tegishli yig‘majild qabul komissiyasi tomonidan shakllantirilgan ishchi guruh tomonidan hisobdan chiqariladi.

Yakunlovchi qoidalar
Qabul komissiyasining faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yuqori turuvchi organlar tomonidan yangi qonun va qarorlarning e’lon qilinishi keltirib o‘tilgan tartib-qoidalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishiga asos bo‘lishi mumkin.