Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash

Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash oliy ta’lim muassasalari, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar, O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Idoralararo komissiya deb ataladi) qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Bir oliy ta’lim muassasasi doirasida oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash (qayta tiklash — talabalar safidan chetlashtirilganligiga 5 yilgacha bo‘lgan muddatda) shu oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash talabani qabul qilayotgan oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi:

oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha bir vazirlik (idora) doirasida boshqa oliy ta’lim muassasasiga;

oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha turli vazirlik (idora) doirasida bir oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga;

talabalar safidan chetlashtirilganligiga 5 yildan 10 yilgacha muddat o‘tganda.

 Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash Idoralararo komissiya qarori bilan amalga oshiriladi:

xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga;

talabalar safidan chetlashtirilganligiga 10 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;

bir oliy ta’lim muassasasi doirasida yoki bir vazirlik (idora) va turli vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalariga oliy ta’limning turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlariga (mutaxassisliklariga).

Quyidagi holatlar fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobini berilishiga asos bo‘ladi:

xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;

respublika oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga;

oliy ta’lim muassasalarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;

birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar bundan istisno);

oliy ta’lim muassasasida mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa;

namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;

to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;

talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;

oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklash davlat granti asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;

qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda.

 To‘lov-kontrakt asosida talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklashda to‘lov-kontraktni tuzish tartibi va shartlari, jumladan, to‘lov mablag‘lari va muddatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish

Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishini ko‘chirish (keyingi o‘rinlarda Talabalar o‘qishini ko‘chirish deb ataladi) bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish quyidagicha amalga oshiriladi:

o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni taqdim etish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar amalga oshiriladi;

arizalarni oliy ta’lim muassasasi, tegishli vazirlik (idora) yoki Idoralararo komissiya tomonidan ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 5 avgustdan 30 avgustga qadar amalga oshiriladi.

Talabalar o‘qishini ko‘chirish uzrli sabablarga ko‘ra (bir hududdan ikkinchi hududga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan ko‘chib o‘tganda, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi harbiy xizmat o‘tash joyini o‘zgartirganda, yoxud ota-onasi (turmush o‘rtog‘i) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda) bahorgi semestrda o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda:

o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar;

o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.

O‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan fuqaro quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

ko‘chirish (qayta tiklash)ni istagan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada o‘qigan oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), ko‘chirish (qayta tiklash) sabablari, ko‘chirish (qayta tiklash) qoidalari bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);

talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma nusxalari;

pasportning nusxasi.

 Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini qayta tiklash

Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishini qayta tiklash (keyingi o‘rinlarda Talabalar o‘qishini qayta tiklash deb ataladi) bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish bir yilda ikki marta amalga oshiriladi:

o‘qishini kuzgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar;

o‘qishini bahorgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20 dekabrdan keyingi yilning 20 yanvariga qadar davom etadi.

Qayta tiklash bo‘yicha arizalarni oliy ta’lim muassasasi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik (idora) tomonidan ko‘rib chiqib qaror qabul qilish:

kuzgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 5 avgustdan 30 avgustga qadar;

bahorgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.

O‘qishdan chetlatilganligiga 5 yildan 10 yilgacha muddat (harbiy xizmatda bo‘lganlik, uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni parvarish qilish bilan bog‘liq mehnat ta’tili hamda sog‘liqni qayta tiklash vaqtlari ushbu muddatga kirmaydi) bo‘lgan hollarda talabalar o‘qishini qayta tiklash oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunuvidagi vazirlik va idoralar ruxsati bilan amalga oshiriladi.