Harbiylarning farzandlari uchun imtiyoz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g`risida”gi PQ-3726-son qarori haqida ma’lumot

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini yanada ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-ruhiy holatini mustahkamlash maqsadida 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibi farzandlari uchun Respublika oliy ta’lim muassasalari davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalariga umumiy belgilangan qabul ko‘rsatkichlari kvotasidan tashqari bakalavriyatga qabul qilishning besh foizli kvotasi ajratiladi (ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limdan tashqari).

Ajratilgan 5 foizli kvota chegarasida harbiy xizmatchilarning farzandlarini qabul qilish tanlov asosida amalga oshiriladi hamda joylar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari natijasi bo‘yicha to‘plangan ballardan kelib chiqqan holda, navbatdagi ketma-ketlik tartibiga muvofiq taqsimlanadi.

Tavsiyanomalar farzandlarning oliy ta’lim muassasasiga bir marta kirishi uchun uch yildan oshmaydigan muddatga beriladi.

2018-2019 o‘quv yilidan boshlab Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning ofitserlar, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi, harbiy xizmatni o‘tashda halok bo‘lgan, shuningdek, harbiy xizmatni o‘tashda yarador bo‘lgan, kontuziya, shikast olish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kassalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari vazirliklar yoki idoralarning tegishli tavsiyanomalari asosida belgilangan qabul kvotalaridan tashqari davlat granti asosida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriyatiga tanlovsiz qabul qilinadilar.