Harbiy imtiyozga ega abituriyentlar uchun

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

 OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA O‘QISHGA KIRISH UCHUN HARBIY QISMLAR QO‘MONDONLIGINING TEGISHLI TAVSIYANOMALARIGA EGA BO‘LGAN ABITURIENTLARNI QABUL QILISH TIZIMI TAKOMILLASHTIRILISHI MUNOSABATI BILAN O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA O‘ZGARTIRISHLAR KIRITISH TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2012 yil 31 maydagi PQ-1765-son qaroriga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida» 2017 yil 4 apreldagi PQ-2867-son qaroriga muvofiq, shuningdek harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan, respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rgan abiturientlar mehnatini rag‘batlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilsin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
  3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va ilm-fan masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil

6 apreldagi 186-son qaroriga

ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgarishlar

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 11 iyuldagi 205-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2012 y., 7-son, 51-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 11-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

«11. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lgan barcha fuqarolarga respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovi natijalari bo‘yicha o‘zlari to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyoz beriladi».

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 3 iyundagi 141-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2014 y., 6-son, 58-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi Nizomning 47-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

«47. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2012 yil 31 maydagi PQ-1765-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan va oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga imtiyozli kirish uchun harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolarga test sinovi natijalari bo‘yicha o‘zlari to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida ball qo‘shish shaklida imtiyozli shartlar beriladi».