“Universitet-maktab” hamkorlik dasturi belgilab olindi

Toshkent davlat transport universiteti Mirobod va Piskent tumanlaridagi ta’lim sifati va bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha eng past bo‘lgan 8 ta maktabni o‘z otalig‘iga oldi va ularda ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqdi.


Noyabr oyi davomida universitetga biriktirilgan maktablarning holati, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi hamda boshqa ta’lim va tarbiya ko‘rsatkichlari o‘rganildi. Bitiruvchi sinf o‘quvchilaridan sinov testlar qabul qilindi. To‘plangan ma’lumot va ko‘rsatkichlar asosida, maktab rahbarlarining talab va tavsiyalari inobatga olinib, har bir maktab uchun “Universitet-maktab” hamkorlik dasturi ishlab chiqildi.


15 dekabr kuni universitet rektori Odil Abdurahmonov Mirobod va Piskent tumani Xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari, Mirobod tumanidagi 214, 213,154, 125-sonli maktablar va Piskent tumanidagi 35,38, 40-sonli maktab direktorlari bilan uchrashdi.


Do‘stona o‘tgan muloqotda universitet rektori maktabni «siz»lamay turib, iqtisodiy va ma’naviy yuksaklikka erishish mumkin emasligini ta’kidladi.
– Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi, deyilishi bejiz emas. Yangi manzil oldida og‘ir va mashaqqatli yo‘l, biroq aniq maqsadlar turibdi. Bir yoqadan bosh chiqarish degan xalqona so‘zlarni dilga joylab va unga amal qilib yashaydigan behad mas’uliyatli kunlar keldi, – dedi universitet rektori Odil Abdurahmonov. – Davlatimiz rahbarining aytganidek, endi maktab ishi faqat Xalq ta’limi vazirligi yoki o‘qituvchilarning emas, har bir O‘zbekiston odamining dardu tashvishiga, quvonchu qayg‘usiga – umummillat yumushiga aylanmog‘i zarur.


Biriktirilgan maktablarda o‘qitish sifatini yanada oshirish, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash haqida maktab rahbarlarining fikr va mulohazalari tinlandi. Mazkur maktablarga mos fakultet va kafedralar biriktirilib, universitetda fanlar kesimida o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va ularga metodik yordam ko‘rsatish orqali malakasini oshirish, universitet professor-o‘qituvchilari va maktab o‘qituvchilari “Ustoz-shogird” tizimini joriy etish hamda yuqori natijaga erishgan maktab o‘qituvchilarini “Universitetning faxriy o‘qituvchisi” maqomiga ko‘tarish va moddiy rag‘batlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.


Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish va g‘oliblarga “Universitet stipendiyasi”ni joriy etish, yuqori sinf o‘quvchilarini oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tayyorlaydigan maxsus o‘quv-tayyorlov kurslarini tashkil etish, o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra ijodiy va fan to‘garaklarini tashkil etish, besh tashabbus doirasida sport musobaqalari hamda ijodiy kechalar tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.


— Hamkorlik, ayniqsa, maktablar uchun g‘oyat manfaatlidir, — deydi Piskent tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Gavhar Tojiboeva. — Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash umumta’lim tizimini mazmunan boyitadi. Maktabdagi o‘quv jarayoni, tarbiyaviy ishlarga akademik, professorlarning jalb etilishi bir qator muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonamiz. Shunday muammolardan biri aholi o‘rtasida “nom chiqargan” qaysidir maktablarda o‘quvchilar soni oshib ketganidir. Oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari barcha maktablarga jalb etilsa, zarur o‘rinlarda o‘rindoshlik asosida ishlashi uchun shart-sharoitlar yaratilsa, maktablar o‘rtasidagi bunday sun’iy tafovut yo‘qoladi. Ta’lim muassasalarining barchasida o‘qitish mazmunini oshirishga erishiladi. Uyi yaqinidagi maktabda akademik, fan arbobi, etuk olim, taniqli ijodkorlar mashg‘ulot o‘tayotganini bilgan ota-ona ham ovora bo‘lib farzandini uzoqqa olib bormaydi. Fanlar bo‘yicha tashkil etilgan tayanch maktablarda oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari mahorat darslarini o‘tib, umumta’lim muassasalari o‘qituvchilarining malaka va mahoratini oshirishga yordam beradi.


— Toshkent davlat transport universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzoladik, — deydi Mirobod tuman 218-maktab direktori Mavjuda Urunbaeva. — Biz memorandumda belgilangan tadbirlar qatori kimyo, biologiya, fizika fanlari bo‘yicha laboratoriya mashg‘ulotlarini ham fan doktorlari ishtirokida tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Boisi, mazkur fanlardan olingan nazariy bilimlar ko‘proq amaliy mashg‘ulotlar orqali samarali o‘zlashtiriladi.

Uchrashuv yakunida Toshkent davlat transport universiteti otalig‘idagi maktablar bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Hamkorlik memorandumini imzolash jarayonida universitetning umumta’lim fakulteti kafedra mudirlari ishtirok etdi.

Axborot xizmati