Sardor – yilning eng faol ixtirochi-innovatsion talabasi

17 noyabr – Xalqaro talabalar kuni

Aviatsiya har bir mamlakatning iqtisodiy salohiyatini namoyon etuvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Keyingi yillarda O‘zbekistonda ham bu sohani tubdan rivojlantirishga xizmat qiladigan qator chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Jumladan, kelajakda aviatsiya sohasining taraqqiyotini ta’minlab beradigan fidoyi yosh kadrlarni tayyorlash ishlari tubdan qayta ko‘rib chiqildi.

Bu istiqboli porloq sohaga ko‘plab yangiliklar kiritildi. Yana shunisi muhimki, soha mutaxassislariga ham katta e’tibor qaratilyapti.

Davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan keng sharoitlardan oqilona foydalanib, aviatsiya sohasini ravnaq toptirishga bel bog‘lagan bo‘lajak mutaxassislardan biri Sardorbek Qadamovdir. U 1995 yili Xorazm viloyati Gurlan tumanida tug‘ilgan. U bolaligidan aviatsiyaga qiziqqan. O‘quvchilik yillaridayoq, sohaga tegishli nima bo‘lsa, barchasini o‘rganar, qunt bilan o‘zlashtirar edi. Qiziqish, o‘qib-o‘rganishlar izsiz ketmadi. Sardorbek hech bir qiyinchiliksiz Aviatsiya transporti muhandisligi fakulteti talabasi bo‘ldi. U sohaning barcha sir-asrorlarini chuqur va puxta o‘rganishni, barcha yangiliklardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lishni maqsad qilgan. Bu yo‘lda unga tajribali va malakali ustozlari yaqindan ko‘mak berib kelmoqdalar.

Sardorbek Qadamovning jonkuyar ustozlaridan biri, mohir pedagog, soha fidoyisi Nuriddin Abdujabborovdir. Ustoz hozirda universitetning Aviatsiya transporti muhandisligi fakulteti dekani vazifasida faoliyat yuritmoqda. Qiziquvchan Sardorbek ilmiy rahbaridan ko‘plab bilimlarni o‘rganib kelmoqda. Hozirgi kunda N.Abdujabborov bo‘lajak yosh olimga soha sir-sinoatlarini puxta egallash borasida saboq va zarur tavsiyalar bermoqda. Iqtidorli Sardorbek murabbiydan o‘zlashtirgan barcha bilim, tajriba va malakani hayotga, ish faoliyatiga tatbiq etish niyatida. Bugungi kunda ustoz va shogird Phoenix – uchuvchisiz uchish apparatini yaratish ustida hamkorlik qilib kelishmoqda. Bundan tashqari, Izzat Mato‘rozov, Dilmurod Aliakbarov, Qahramon Rahimqoriev kabi ustoz va murabbiylar rahbarligida yangidan-yangi kashfiyot va ixtirolar bo‘yicha ish olib bormoqda.

Sardorbek yangi amaliy loyiha ustida bilimli talaba tengdoshlarini to‘plab, ahil ilmiy jamoa tuzgan. Ayni paytda u o‘z jamoasi bilan muhim ilmiy yangiliklarni amalga oshirib kelyapti.

Sardor Qadamov ilmiy rahbari Nuriddin Abdujabborov bilan birgalikda 2020 yili Singapur davlatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Rivojlantirish dasturi doirasida o‘tkazilgan Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro loyihasida O‘zbekistonlik yosh olim sifatida ishtirok etdi. Bu loyiha ilmiy doiralarda yuqori baholandi va yuksak e’tirof etildi. Shu bilan birga, jonajon Vatanimizni, yosh olim Sardorbekning o‘zini jahonga tanitdi.

Bulardan tashqari, u ishlab chiqqan yangi loyihasi bilan universitet miqyosida “Innovatsion g‘oya”, “Innovatsion loyiha” nominatsiyalarida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Bu bilan kifoyalanmay, “Yil talabasi-2020” respublika ko‘rik-tanlovining universitet bosqichida “Yilning eng faol ixtirochi-innovatsion talabasi” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rin sohibi bo‘lgan.

O‘rni kelganda Sardorbekning oilasi haqida to‘xtatilib o‘tishni joiz deb topdik. Otasi, Ilhom Qurbonniyozov ko‘p yillardan buyon ustachilik bilan shug‘ullanadi. To‘rt o‘g‘ilning otasi, albatta, talabchan, kezi kelganda qattiqqo‘llik ham qiladi. Ana shu oiladagi muhit sabab farzandlar o‘qishda va ishda katta yutuqlarga erishib kelmoqda. Onasi Go‘zaloy Rajabova uy bekasi. U ham farzandlarining o‘qimishli, ilmli kishilar bo‘lib voyaga etishi uchun tinib-tinchimaydi. Mehribon ota-ona o‘z farzandlarining kelajakda el-yurtga nafi tegadigan insonlar bo‘lishi uchun doimo e’tibor qaratib kelgan.

Umri davomida halol mehnat bilan band bo‘lgan ota-onaning farzandi bo‘lgan Sardorbekni orzu va qiziqishlar Toshkent davlat transport universitetining Aviatsia transporti muhandisligi fakultetiga boshlab keldi. Dastlabki yillardanoq u ilmga chanqoqligi, tirishqoqligi, maqsad sari tinmay intilishi bilan ajralib turardi.

Yaqinda “Texnika yulduzlari” ilmiy jurnalida uning “AutoCAD grafik dasturining chizmachilik fanidagi imkoniyatlari” nomli maqolasi chop etildi va ilmiy jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi. Ushbu maqolada mazkur dasturning imkoniyatlari haqida atroflicha to‘xtalib o‘tilgan. Sardorbek SolidWorks, Nx12 dasturlarini ham puxta o‘zlashtirib, ularni mukammal o‘rganib, bu dasturlarda ko‘plab yangiliklarni amalga oshirmoqda.

Yosh tadqiqotchi Sardorbek Qadamov bugungi kunda ingliz va rus tillarini o‘rganmoqda. Hozirgi tezkor davrda Sardorbek kabi yoshlarimizning safi kengayishini va ular olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritib, jahon jamoatchiligi e’tiborini O‘zbekistonga qaratadi, deb ishonamiz.

Universitet matbuot xizmati