“Maqsud Shayxzodaning adabiy merosi va zamonaviylik’’ mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

2020 yil 5 noyabrь kuni mashhur faylasuf shoir, dramaturg, tarjimon, pedagog, tilshunos, tanqidchi, adabiyotshunos, folklorshunos Maqsud Shayxzoda hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xotira tadbirlari va va xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya bo‘lib o‘tdi.

Erta tongdan rektor Odil Abduraxmanov rahbarligida universitet jamoasi vakillari Chig‘atoy qabristonidagi shoir qabriga gullar qo‘yishdi va ustozning pok ruhiga Qur’on tilovat qilindi.

So‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Transport vazirligi, O‘zbekistondagi Geydar Aliyev nomli Ozarbayjon madaniy markazi, Rossiyaning Toshkentdagi fan va madaniyat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti vakillari Toshkent davlat transport universitetida jam bo‘ldi.

Universitetda marosimlar Maqsud Shayxzoda nomidagi o‘quv zali va ekspozitsiyaning tantanali ochilishidan boshlandi. Ko‘rgazmada Maqsud Shayxzodaning barcha asarlari, hayoti va u bosib o‘tgan ijodiy yo‘lni aks ettiruvchi suratlari, video va audio tasmalar o‘rin olgan. Ochilish marosimida so‘z olganlar Maqsud Shayxzoda nomidagi o‘quv zali ekspozitsiya fondini boyitishda ishtirok etishga chaqirdi.

Maqsud Shayxzoda hayoti va ijodiga bag’ishlangan “Maqsud Shayxzodaning adabiy merosi va zamonaviylik’’ mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yalpi yig‘ilishi universitet Simpoziumlar saroyida o‘tkazildi.

Konferentsiyada universitet rektori Odil Abduraxmonov, Transport vaziri o‘rinbosari Akmal Mirzaev, Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori o‘rinbosari Polad Zeynalov hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Ibrohim G‘ofurov, akademik Naim Karimov va boshqa adabiyotshunoslar ma’ruza qildilar.

Maqsud Shayxzodaning serqirra ijodiy faoliyati, mamlakatda ta’lim, fan va adabiyotni rivojlantirishda amalga oshirgan beqiyos ishlari haqida fikrlar aytildi.

Shuningdek, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi qo‘shni respublikalardan turkolog va filologlar ham internetda zoom ilovasi orqali ishtirok etdilar.

Dilshod Rahmatov, matbuot kotibi