Transport diplomatiyasi uchuvchilar tayyorlashga xizmat qiladi

Bugun Toshkent davlat transport universiteti va Evropada aviatsiya sohasidagi eng katta o‘quv yurti hisoblangan Fransiyaning Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC – École nationale de lʼaviation civile) o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Universitet drayveri sifatida ta’lim va ilm sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash belgilandi. Dunyoning yetuk ta’lim muassasalarining zamonaviy bilim va boy tajribasiga asoslangan innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va hayotga tadbiq etish, dunyo olimlari ishtirokida dolzarb fanlar bo‘yicha ma’ruzalar o‘tkazish, iqtisodiyot istiqboli talablaridan kelib chiqib yangi mutaxassisliklarni joriy etish orqali universitetning imijini mustahkamlash muhim vazifa sifatida qaralmoqda.

 

Bugun O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi shafeligida Toshkent davlat transport universiteti va Evropada aviatsiya sohasidagi eng katta o‘quv yurti hisoblangan Fransiyaning Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC – École nationale de lʼaviation civile) o‘rtasida videomuloqot bo’lib o’tdi.

 

Videomuloqotda ikki ta’lim muassasasi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, kelajakda yurtimizda aviatsiya sohasi uchun malakali uchuvchilar, etuk mutaxassislarni tayyorlashga e’tibor qaratildi. Muloqot davomida Fransiyaning Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi hamda Toshkent davlat transport universiteti o‘rtasidagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Muhokamalar yakunida bir qator yo‘nalishlarda anglashuv memorandumi imzolandi. Xususan, Toshkent davlat transport universitetida o‘quv bazasini yaratish, fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash yuzasidan bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma dasturlar tuzish ko‘zda tutildi. Shuningdek, uchuvchilarni tayyorlash maqsadida talabalar akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarni Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabida malaka oshirish va stajirovka dasturlari bo‘yicha o‘qishga yuborish nazarda tutilmoqda.

Videomuloqotda Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abdurahmanov, O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboev, Fransiyadan ENAC maktabining direktori o‘rinbosari – xalqaro ishlar bo‘yicha direktor Nikolas Kasalis, ENAC uchuvchilar maktabi direktori Teri de Baskia va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Axborot xizmati