Totuvlik qadri

Joriy yilning 14 oktyabr kuni Universitetning Buxgalteriya hisobi kafedrasi tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov ishtirokida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga bag’ishlangan ma’rifiy onlayn ma’ruza tashkil etildi.

Ma’ruzachi Homidjon Ishmatbekov o‘z so‘zida Prezidentimizning 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasining beshinchi bandida xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash kabi masalalarning ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanishi ham davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlashda muhim asos bo‘lib xizmat qilganligini, yurtimizda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqarolarga o‘z e’tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berilayotganligini keltirdi. Yig‘ilish ishtirokchilariga dinning xalqimiz ma’naviyatiga, ruhiyatiga o‘tkazayotgan hayotbaxsh ta’siri xususidagi fikr-mulohazalar bildirdi.

Ma’rifiy ma’ruza mustaqil fikrlaydigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qaraydigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega bo‘lgan, milliy mentalitetimizga yot zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalashga qaratildi.

Berilgan barcha savollarga ma’ruzachi tomonidan aniq, to‘liq javoblar berildi va hayotiy misollar bilan to‘ldirildi. O‘tkazilgan onlayn suhbat talabalarning o‘z hatti-harakatlariga nisbatan mas’uliyat hissini kuchaytirishda xizmat qildi.

Iqtisodiyot fakulteti axboroti