Talabalar huquqlari ta’lim taraqqiyotiga xizmat qiladi

Toshkent davlat transport universitetida talaba-yoshlarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Transport Prokuraturasi bilan maslahatlashuv o‘tkazildi.

Ma’lumki, joriy yil 22 iyunda Davlatimiz rahbarining «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Milliy strategiyaning asosiy vazifalari haqida so‘z borganda, ta’limning sifati va barcha darajadagi qamrovini oshirish, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, o‘qitish tizimining inklyuzivligi va undan barchaning foydalana olishini ta’minlash kabi masalalarni sanab o‘tish zarur.

Toshkent davlat transport universiteti va Transport prokuraturasi o‘rtasidagi hamkorlik talabalarning huquq va erkinliklariga rioya etilishini monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish, universitet jamoasining huquqiy savodxonligini oshirish, bu borada samarali axborot va ma’rifat tarqatishni tashkil etish masalalariga qaratildi.

Respublikasi Transport prokurori Ma’rufxon Xodjaev universitetda tashkil etilgan “Yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash Markazi” faoliyati bilan tanishdi. Markaz universitet jamoasining xuquqiy maslahat manziliga aylanishi lozimligini uqtirdi. Markazning muntazam faoliyatini tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi.

Shuningdek, Toshkent davlat transport universitetining tajribali professor-o‘qituvchilar ishtirokida Prokuratura xodimlarining muloqoti o‘tkazildi. Muloqotda yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun yaratilgan sharoitlar, tashabbuslarini rag‘batlantirish, yoshlarning bandligi, uy-joy ta’minoti, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, yoshlarimizning xulq-atvori, yurish-turishi, ularning tarbiyasi bilan shug‘ullanish, murojaatlarini qayd etish va tahlilini yuritish kabi vazifalarni amaldagi holati yuzasidan fikrlar almashildi.

– Universitetda ta’lim va tarbiya qonunlarini so‘zsiz ijro etishda, huquqiy madaniyatni oshirishda, professor-o‘qituvchi va talabalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ishonchli himoya qilinishini ta’minlashda prokuratura organlarining roli ahamiyatli, – dedi universitet rektori Odil Abduraxmanov. – Rahbar sifatida istagim, Toshkent davlat transport universitetining barcha harakati – qonuniy asosga va jamoadagi har bir shaxsning har tomonlama taraqqiy etishiga xizmat qilishi lozim.

Ayniqsa, korruptsiya muammosiga qarshi kurashishda xuquqiy savodxonlik, odamlarni halol mehnat qilishga undash, yoshlarda o‘z bilimi, kuch-g‘ayrati va ijodiy qobiliyati bilan yuksak marralarga erishish hissini tarbiyalash, universitetda korruptsiyaga nisbatan murosasizlik, toqatsizlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan Dasturlarni hamjihatlikda ishlab chiqish zarurligi, ta’kidlandi.

Muloqot yakunida “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan universitetning bir guruh o‘qituvchilariga Transport Prokurori Ma’rufxon Xodjaev tomonidan esdalik sog‘alari topshirildi.

Axborot xizmati