Transport vazirligi tashabbusi bilan davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

Toshkent davlat transport universitetida transport tizimida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash va sohada bu borada amalga oshirilayotgan ishlar holatini muhokama etish, shuningdek, “O‘zbek tili bayrami” kuniga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Transport vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilorom Djalolova olib bordi. Dilorom Djalolova transport tizimida Davlat tilining ahamiyati, sohada zamonaviy transport atamalarning o‘zbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qo‘llanishini ta’minlashga oid so‘zlarini transport tizimi tashkilotlari jamoasiga etkazish hamda ish jarayonining davlat tilida yuritilishi naqadar muhim ekanini ta’kidladi.

Yig‘ilishda avtotransport vositalaridagi yo‘nalishlar, mo‘ljallar nomi, ogohlantiruvchi yozuvlarning savodxonlik qoidalariga javob bermasligi, transport vositalarida, metroda, jamoat joylardagi (bekat, vokzallar va boshqalar) reklamalar va bannerlarning o‘zbek tili me’yorlariga amal qilinmayotganligini tanqid qilindi.

– Kun davomida bitta jamoat transporti xizmatidan minglab kishi foydalanishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, xato yozuv zararining ko‘lami ham kengayib borishini tasavvur qilish qiyin emas, – dedi Transport vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilorom Djalolova. – Transport tizimi sohasida tilimiz rivoji va uning taraqqiyoti haqida ham jiddiy mulohaza qilish payti etdi. Bizga beminnat xizmat qiluvchi ona tilimiz rivojiga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklarni bartaraf etishda ham xolis bo‘lsak, jonkuyarlik ko‘rsatsak, hamjihatlik bilan ish tutsak, ezgu maqsadlarimizga erishishimiz muqarrardir.

Tadbirda tizimda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish va vazirlik tasarrufidagi tashkilotda bu boradagi faoliyatni muvofiqlashtirish masalasi ham ilgari surildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi va “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimotda so‘zga chiqqanlar, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi, o‘zbek adabiy tili me’yorlari hamda davlat tilida ish yuritish bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarini yanada takomillashtirish haqida so‘z yuritdilar.

 

Tadbir yakunida ishtirokchilarga “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi tarqatildi. Toshkent Davlat transport universiteti kutubxonasiga “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi sovg‘a qilindi.

Yig‘ilishda ishtirok etish imkoniyati bo‘lmagan mutasadilarga onlayn qatnashish imkoniyati yaratildi.

Axborot xizmati