Yosh temiryo‘lchilar ish bilan ta’minlandi

Toshkent davlat transport universitetida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tashabbusi bilan Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini 2019-2020 o‘quv yilida bitirgan yosh mutahassislarga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.

Xisobot o‘quv yilida Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini 19 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi, 15 ta magistratura ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami 1078 nafar talaba o‘qishni tugatdi. Davlat rahbarining 2020 yil 4-maydagi PQ-4703 – sonli qarorida nazarda tutilgan vazifalar ijrosi va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini joriy yildagi bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashga bag‘ishlangan tantanali tadbirda 735 nafar yosh mutaxassislarga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.

Pandemiya davrida «O‘zbekiston temir yo‘llari» aktsiyadorlik jamiyati Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi tomonidan temir yo‘l korxona va tashkilotlarining yosh mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji atroflicha o‘rganib chiqildi. Shundan kelib chiqqan holda bitiruvchilar ishga joylashtirildi.

— Ma’lumki, bugungi kunda tizim ko‘lami kengayib bormoqda, — deydi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Personallarni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Axmadjon Mavlonov. – Xususan, «Toshkent metropoliteni» unitar korxonasida yangi metro liniyalarining faoliyatini boshlashi soha mutaxassislariga talab ortdi.

Bitiruvchilar asosan «O‘zbekiston temir yo‘llari» aktsiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxona va tizim birliklariga ishga taqsimlandi. Shuningdek, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti bitiruvchilariga «Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati» aktsiyadorlik jamiyati kabi sanoat korxonalarining ham ehtiyoji borligi qayd etildi.

Mamlakatimizda karantin tufayli ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hajmi keskin kamaygan. Karantin tufayli, tabiiyki, ishsizlar soni ham oshgan, –deydi O‘zbekiston Respublikasi Transport prokurorining katta yordamchisi Akmal Tursunov. – Biroq, kun sayin o‘zgarayotgan vaziyat aholi bandligini ta’minlash va muhtoj oilalarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab etmoqda.

Tantanali tadbirda Prezidentimiz belgilangan vazifalarni sifatli bajarib, yosh mutahassislarni ham band, ham doimiy daromad manbai bilan ta’minlash kerakligi belgilab olindi.

Axborot xizmati