Universitet rektori yangi o‘quv yilini boshlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Universitet rektori Odil Abdurahmanov 27 avgust kuni 2020/2021 o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik jarayonida xodimlarni boshqarish strategiyasi va shakllari, universitetdagi sanitariya-epidemiologik shartlar hamda yangi o‘quv yilidagi universitet maqsad va vazifalari kabi masalalar koʻrib chiqildi.

Universitet rahbari ta’limning sifati va raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab kredit-modul tizimiga o‘tilganligini va amaldagidan ko‘ra ancha mukammal o‘lchov birligiga ega tizim kirib kelayotganligini qayd etdi. Bu tizim universitet professor-o‘qituvchilarining kasbiy kompetentlarini rivojlantirish orqali mutaxassislik bilimlarini doimo boyitib borishni, yangi axborotlarni o‘rganishni, muhim ijtimoiy talablarni anglay olishni, yangi ma’lumotlarni izlab topish, ularni qayta ishlash va o‘z faoliyatida qo‘llay bilishni taqozo etadi.

Universitet transport sohasi uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan bir qatorda qisqa muddat ichida sohaning innovatsion ehtiyojlarini qondirish bo‘yicha tayanch ta’lim muassasasiga aylanishi shart. Ilmiy ishlanmalarni joriy qilish samaradorligini oshirish, buning uchun tadqiqotlarning tarmoq korxonalari ehtiyojiga hamohangligini ta’minlash muhimligi qayd etildi. Bu masalada universitet imkoniyatlari kengligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi qo‘llab-quvvatlab turibdi. Ilmiy asoslangan tajriba asosida kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish eng muhim vazifamizdir, dedi universitet rahbari.

Qisqa muddat ichida universitet bosma nashrlarini, jumladan Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti va Toshkent avtomobilь yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutlaridan meros bo‘lib qolgan ilmiy jurnallarning ishini rivojlantirishga katta etibor qaratiladi. Universitet jamoasi axborot/bilim yaratuvchisi, har kim axborot/bilimdan foydalanish va o‘zini ifodalash huquqiga egaligini uqtirish lozim. Kelgusida universitet tasarrufidagi jurnallar ilmiy, shu bilan bir qatorda ommabopligiga e’tibor qaratiladi.

Universitetda ta’lim bilan bir qatorda tarbiyaga ham barcha teng javobgarligi xususida fikr yuritildi. Xorijiy aloqalarni yanada jonlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Rektor Odil Abdurahmanov universitet jamoasiga “Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarorining ijrosini ta’minlashda ilm va tahlil asosida ishlash zarurligini ta’kidladi.

Universitet Axborot xizmati