Masofaviy ta’lim – kelajak ta’limi

Yuqori reytingli Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida ham masofaviy ta’limni yanada rivojlantirish borasida qilingan ishlar, pandemiya davrida institut talabalariga yaratilgan shart-sharoitlar va masofaviy ta’lim sifati, ushbu ta’limning kelajagi xususida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi rahbariyati ishtirokida onlayn muloqot tashkil etildi. Onlayn muloqotda institut rektori Ma’rufjon Rasulov ishtirok etdi.

Mamlakatimizda oliy ta’lim sohasini takomillashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar jarayonida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti ham faol ishtirok etmoqda.

Ayniqsa, jahonda koronavirus pandemiyasi yoyilishi bilan bog‘liq favqulodda voqealar institut jamoasi zimmasiga mutlaqo yangi vazifalar yukladi. Karantin davrida ko‘plab oliy ta’lim muassasalari qatori institutda ham masofadan o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Bu shakl olti ming etti yuz nafar talabalar kontingentiga ega oliy ta’lim muassasasi uchun o‘ziga xos sinov bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 176-son qarori, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishining 11-son bayoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 27 martdagi “Oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limni joriy etish to‘g‘risida”gi 233-son bo‘yruqlari asosida masofaviy o‘quv jarayonini tashkil etish bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirildi.

Dastlab, Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida masofaviy ta’lim berish ishlarini to‘liq yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishchi guruhi tuzilib, onlayn modul o‘qitish tizimi ishga tushirildi. Institut veb sayti va telegram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalari orqali institut va oliy ta’lim tizimidagi yangiliklar hamda me’yoriy hujjatlar mazmunini talabalarga etkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Institutning professor-o‘qituvchilari tomonidan 311 ta fandan 40 ming dan ziyod o‘quv resursi Moodle elektron ta’lim tizimiga joylashtirildi. Yaratilgan elektron o‘quv resurslari o‘z ichiga barcha turdagi topshiriqlarni (amaliyot, laboratoriya, mustaqil ishlar, kurs ishi (loyihasi), LHI, testlar va boshqalar) qamrab oldi.

Bakalavriat kunduzgi (262 ta), magistraturada (30 ta) hamda sirtqi talabalariga (73 ta) guruhlar kesimida jami 365 ta guruhga moodle platformasida 710 (311 ta fandan) ta kurslar tashkil etildi.

Qo‘shimcha ravishda institut elektron kutubxonasi – lib.tashiit.uz manzili bo‘yicha hamda o‘z ichiga videodarslarni olgan YouTube – kanali ishga tushirildi. Bugungi kunda kutubxonada 1000 dan ortiq temir yo‘l transporti sohasiga oid mingdan ortiq darslik, o‘quv qo‘llanma, uslubiy qo‘llanma, uslubiy ko‘rsatma, ma’ruzalar to‘plami, shuningdek dissertatsiya va me’yoriy hujjatlar hamda 2400 dan ortiq videodarslar jamlanganligini qayd etish lozim.

Talabalar va professor-o‘qituvchilarning tizimdagi ishtiroki, faollik darajasi institut rahbariyati, guruh murabbiylari va fan o‘qituvchilari tomonidan qat’iy nazoratga olindi.

Institut rahbariyati tomonidan barcha mas’ullarga 1 apreldan boshlab, kunlik amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha axborot berib borish vazifasi yuklatilgan. Bajarilgan ishlar hisoboti va takliflarni o‘rganib chiqish maqsadida institut rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilar ishtirokida belgilangan muddatlarda ZOOM dasturi orqali videokonferentsiyalar uyushtirildi.

Talabalarning barcha turdagi malakaviy amaliyotlarini masofaviy tashkil etish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqilib, o‘quv jarayoniga tatbiq etildi. Unga asosan, barcha turdagi amaliyotlar masofaviy o‘tkazilishi belgilandi. Talabalarning amaliyotlar yuzasidan tayyorlagan hisobotini masofaviy qabul qilish tizimi yaratildi. Belgilangan respublika va xalqaro miqyosdagi konferentsiyalar o‘z vaqtida o‘tkazildi.

Ayni paytda bitiruvchi kurs talabalarining ixtisoslik fanlaridan davlat imtihoni va magistrlik dissertatsiyalari himoyasini onlayn o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 10 apreldagi “Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini masofaviy ta’lim orqali samarali davom ettirish hamda 2019/2020 o‘quv yilini yakunlash to‘g‘risida”gi 257-son buyrug‘iga binoan bitiruvchi kurs talabalarining 11-23 may davri oralig‘ida 4-kurs (iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishlariga) bitiruv oldi amaliyoti moodle plaformasi orqali tashkil etildi. 1-2-3-kurs amaliyot grafigi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ 2020 yil 27 apreldagi “O‘quvchi (talaba)larning ishlab chiqarish (diplom oldi), malakaviy amaliyotini karantin davrida masafadan tashkil etish to‘g‘risida”gi 193-N-son buyrug‘i bilan 2020/2021 o‘quv yilining sentyar-dekabr davriga ko‘chirildi.

Yakuniy davlat attestatsiyasi (Davlat imtihoni)ni 25 maydan 6 iyunga qadar sinov tariqasida o‘tish imkoniyati yaratildi hamda 15 iyunidan 27 iyuniga qadar o‘tkazilishi belgilandi.

Institutning xalqaro reytinglarga kirishini ta’minlash bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, Scopus va Web of Science jurnallarida maqolalar chop etish bo‘yicha mahorat darslari tashkil etish, institutga xorijlik talabalarni jalb qilish, KOICA, JICA, ITEC, ERASMUS+, UniCEN, Fullbright xalqaro dasturlari bilan yaqindan hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, loyihalar taqdim etish, volontyorlarni taklif qilishdan iboratligi, onlayn muloqotda ta’kidlandi.

Institut rahbari yati masofaviy ta’lim o‘tish ishlari karantin tugagandan so‘ng ham davom ettirilishini, shu bois 2020-2021 o‘quv yiliga tayyorgarlik yuzasidan ishlarni masofaviy shaklda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanganligini bildirdi.

Dilshod Rahmatov,
institut matbuot kotibi