Inson xotirasi ulug‘

Inson qachon, qaysi zamonda yashashidan qat’iy nazar, o‘zi hayotligida amalga oshirgan ezgu amallari bilan uni bilgan insonlar qalbida abadiy yashayveradi. U hayotligida kasbdoshlariga ko‘rsatgan yaxshiliklari, ishlagan jamoasining rivojiga pinhona qo‘shgan hissasi bilan har kuni, har lahzada, turli bayram sanalarida yodga olinadi.

Muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining o‘quv va uslubiy ishlarini rivojiga kamtorana mehnati bilan ulkan hissa qo‘shib, oramizdan erta ketgan Mirzaxmedova Ra’no Miraxmadovnaning xotirasini yod etishni farz deb bildim. So‘nggi o‘n yildagi ta’limning uslubiy xujjatlaridagi muntazam o‘zgarishlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish yuki aynan Ra’no opa kabi o‘z kasbining fidoyi insoni zimmasiga tushdi. O‘quv-uslubiy jarayonlardagi yangiliklardan doimo xabardor, shu bilan birga qilinajak ishlarni ham o‘ziga xos intuitsiya-sezgirlik bilan anglab etadigan Opaning tavsiyalaridan har safar to‘g‘ri xulosalar chiqarmasligimiz ham bor gap edi.

Ta’limda “qattiqqo‘llik mehribonlikdan afzal” degan ibora bor. Xolis va haqiqatguy Ra’no opa umring so‘nggi kunigacha o‘z kasbiga sadoqat bilan yashadi. Insonning yashab o‘tgan umri uzun yoki qisqaligi bilan emas, balki uning fidoyiligi va atrofidagilarga, jamoasiga qo‘shgan hissasi orqali yod olinadi. Alloh taolo Ra’no opani o‘z rahmatiga olib Firdavs jannatidagi ulug‘ maqomlarga sazovar aylasin.

Dilshod Rahmatov, institut matbuot kotibi.