O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori

Respublika transport sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida tubdan takomillashtirish, o‘quv jarayoniga o‘qitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, tarmoq ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulteti negizida Toshkent davlat transport universitetini (keyingi o‘rinlarda — Universitet) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, Universitet:
transport sohasi uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi;
ilg‘or xalqaro ta’lim standartlari hamda o‘quv dasturlariga muvofiq 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab ta’limning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etadi;
Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining barcha huquq va majburiyatlari hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakultetiga oid huquq va majburiyatlar bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga idoraviy jihatdan bo‘ysunadi.
Universitet hamda Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti huzuridagi Belorussiya davlat texnika universiteti bilan birgalikda tashkil etilgan qo‘shma O‘zbekiston-Belorussiya fakulteti Toshkent shahar, Mirobod tumani, Adilxodjayev ko‘chasi, 1-uy manzili bo‘yicha tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
3. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
transport sohasi ehtiyojlaridan kelib chiqib, mehnat bozoridagi raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, shuningdek, ommaviy kasb mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
transport sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion izlanish va tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini, shu jumladan raqamli va boshqa zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, Universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirishni hamda bitiruvchilarni chet elda magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil olishlarini tashkil etish maqsadida yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni rivojlantirish;
transport sohasi uchun kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yaratish, tizimdagi akademik litsey hamda sohaning professional ta’lim muassasalari ta’lim dasturlarining uzluksizligi va uzviyligini ta’minlash;
o‘quv jarayonida nazariy tayyorgarlikning amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash maqsadida transport sohasidagi tashkilotlar bilan birgalikda talabalarning amaliyotlarini tegishli soha tashkilotlarida tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
4. Belgilansinki, Universitetda o‘quv jarayoni 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarni qabul qilish soni har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ikki oy muddatda Universitetni strategik rivojlantirish masalalari bo‘yicha rektorning birinchi o‘rinbosari lavozimiga malakali xorijiy mutaxassis tayinlanishini ta’minlasin.
6. Quyidagilar:
2020 — 2023-yillarda Toshkent davlat transport universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish hamda ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Toshkent davlat transport universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin beriladigan hamda tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplagan holda “nol” stavkadagi ijara to‘lovi asosida beriladigan obyektlar ro‘yxati 2 va 3-ilovalarga muvofiq;
Toshkent temir yo‘l muhandislari institutidan Toshkent davlat texnika universitetiga ko‘chiriladigan ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;
Toshkent davlat transport universitetining Vasiylik kengashi tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mehrjon ko‘chasi, 12-uyda joylashgan Yoshlar markazining binosi (sobiq Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti qoshidagi 2-son akademik litsey) O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berilsin.
8. Universitet Vasiylik kengashining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Universitetning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va samarali faoliyatini ta’minlash uchun moliyaviy yordam tashkil etish, budjetdan tashqari mablag‘larni jalb etish;
bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirish va ish bilan ta’minlash bo‘yicha kadrlar buyurtmachilari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
ta’lim va ilm sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va amalga oshirishda ko‘maklashish;
oliy ta’limni rivojlantirishga qaratilgan yangi shakl va dasturlarni qo‘llab-quvvatlash va ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga joriy etishni rivojlantirish;
binolarni qurish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur moliyaviy mablag‘lar jalb etilishini, zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini ta’minlash.
9. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Transport vazirligi bilan kelishilgan holda ta’lim yo‘nalishlariga o‘zgartirish kiritish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda, o‘quv rejalari va dasturlarini, bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablarini o‘quv jarayonining transport sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar bilan uzluksiz bog‘liqligi ta’minlanishini hisobga olgan holda, mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash;
kredit-modul tizimini o‘quv jarayoniga joriy etish borasida professor-o‘qituvchilar o‘quv yuklamasini mustaqil me’yorlashtirish, shuningdek, pedagog xodimlar tomonidan o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlari, “ustoz-shogird” tizimi bo‘yicha ishlarning bajarilishini rag‘batlantirib borish;
Universitet professor-o‘qituvchilarining Scopus va Web of Science kabi ma’lumotlar bazasiga kirgan xalqaro ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etish sarf-xarajatlarini moliyalashtirish;
Universitet faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlarni shartnoma asosida ko‘rsatish, shuningdek, Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda taqdim etiladigan xizmatlarni samarali amalga oshirish maqsadida ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmatlar tuzilmalarini shakllantirish;
bakalavriat, magistratura va doktorantura yo‘nalishlari bo‘yicha yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni tashkil etish;
ish beruvchilar talablarini inobatga olgan holda o‘quv rejalaridagi nazariy ta’lim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashg‘ulotlar hajmini oshirish, haftada bir kunlik amaliyot tajribasini qo‘llash;
xorijiy mutaxassislarni konsultant, maslahatchi va o‘qituvchilar sifatida jalb qilish va ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda Universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik maosh hamda boshqa to‘lovlarni belgilash va to‘lash;
Universitetda besh yil davomida ishlab berish sharti bilan iqtidorli talabalar va yetakchi professor-o‘qituvchilarning xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi va stajirovka o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlarni Universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplash;
Universitet hududida joylashgan bino va inshootlarni ijaraga berish va undan tushadigan mablag‘larni elektron savdo maydonchasi operatoriga to‘langan to‘lov chegirilgandan keyin Universitetning budjetdan tashqari jamg‘armasiga to‘liq yo‘naltirish.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Toshkent temir yo‘l muhandislari institutidan Toshkent davlat texnika universitetiga ko‘chirilayotgan 4-ilovadagi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarning o‘qishi Universitet yoki Toshkent davlat texnika universitetining mos yoxud turdosh ta’lim yo‘nalishlariga 2019/2020 o‘quv yili yakunlangandan so‘ng belgilangan tartibda ko‘chirilishini ta’minlasin.
11. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
a) joriy saqlash bilan bog‘liq qismi bo‘yicha:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
b) qurilish ishlari qismi bo‘yicha har yilgi Investitsiya dasturida belgilangan tartibda yo‘naltiriladigan mablag‘lar.
12. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Universitet joylashgan hududda 2020 — 2022-yillarda yangi o‘quv binosi, talabalar turar joyi va axborot-resurs markazi binolarini (keyingi o‘rinlarda — Universitet binolari) qurish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda:
a) joriy yilda Universitet binolari loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va qurish ishlarini boshlash uchun:
2020-yilgi Investitsiya dasturi doirasida Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti uchun nazarda tutilgan mablag‘lar institutda joriy yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra bajarilgan qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha yakuniy hisob-kitoblar amalga oshirilgandan so‘ng yo‘naltirilishini ta’minlasin;
qo‘shimcha talab etiladigan mablag‘lar bo‘yicha 2020-yilgi Investitsiya dasturi doirasida markazlashgan kapital qo‘yilmalarning iqtisod qilingan qismini qayta taqsimlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
b) 2021-yil va kelgusi yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Universitet binolarini qurish ishlari uchun markazlashgan kapital qo‘yilmalar limitlari ajratilishini ta’minlasin.
13. Universitet binolarini qurish ishlari bo‘yicha:
Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi etib belgilansin;
bosh loyihachi va bosh pudratchi tashkilotlar qonunchilikda belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari orqali aniqlansin.
14. Belgilab qo‘yilsinki, Universitet faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish 2020-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Transport vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida, 2021-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
15. Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti hamda Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutining akademik litseylari negizida Toshkent davlat transport universitetining akademik litseyi tashkil etilsin.
Belgilansinki, Akademik litsey:
Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Guliston mavzesi, 21a-uy manzilida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi;
faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
16. Kelgusida mehnat faoliyati xususiyatlari va o‘quv amaliyoti, transport vositasi harakati hamda insonlar hayoti xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Universitetga o‘qishga hujjat topshirishdan oldin abituriyent va talabalarni temir yo‘l transporti yo‘nalishi bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining hududlardagi temir yo‘l poliklinikalarida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan tibbiyot komissiyasida, shuningdek, havodagi harakatni boshqarish yo‘nalishi bo‘yicha “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tibbiy-sanitariya bo‘limining vrachlik-uchuvchilik ekspert komissiyasida ko‘rikdan o‘tkazish tartibi saqlab qolinsin.
17. Universitet xodimlarining tashabbuskorligi va moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida Universitetda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan budjetdan tashqari jamg‘arma (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilsin.
18. Belgilansinki:
a) Jamg‘arma mablag‘lari to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining budjetdan tashqari mablag‘lari hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatlarining homiylik xayriyalari hisobidan shakllantiriladi;
b) Jamg‘arma mablag‘lari Universitet professor-o‘qituvchilari, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlovchi professor-o‘qituvchilari, boshqaruv, ilmiy, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlariga ularning mehnatiga haq to‘lash fondining 200 foizigacha miqdorida har oylik ustamalarni to‘lashga yo‘naltiriladi;
v) Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi, shu jumladan har oylik ustamalarni belgilash mezonlari Vasiylik kengashi bilan kelishilgan holda Universitet rektori tomonidan belgilanadi;
g) Universitetning boshqaruv, professor-o‘qituvchilari, ilmiy, o‘quv-yordamchi, texnik va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmlarda har oyda qo‘shimcha pul to‘lanadi:
3 yildan 5 yilgacha — 0,15;
5 yildan 10 yilgacha — 0,2;
10 yildan 15 yilgacha — 0,3;
15 yildan ortiq — 0,4.
19. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri E.M. Ganiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 4-may,
PQ-4703-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-son qaroriga
1-ILOVA
2020 — 2023-yillarda Toshkent davlat transport universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish hamda ilmiy salohiyatni rivojlantirish
CHORA-TADBIRLARI DASTURI

T/r

Chora-tadbirlar

Amalga oshirish mexanizmi

Moliyalashtirish manbalari

Bajarish muddatlari

Ijro uchun mas’ullar

ITransport tizimini rivojlantirish ehtiyojlarini hisobga olgan holda, Toshkent davlat transport universitet tashkiliy tuzilmasi, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini optimallashtirish, talabalarning ishlab chiqarish va boshqa tashkilotlarda amaliyotini tashkil qilish

1.

Toshkent davlat transport universitetining (keyingi o‘rinlarda — Universitet) tashkiliy tuzilmasini shakllantirish va tasdiqlash. 1. Universitet oldiga qo‘yilgan yangi maqsadlar va vazifalar, transport fani va ta’limi borasida nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari tajribalarini tahlil qilish.

2. Fakultetlar, umumkasbiy va mutaxassislik kafedralari hamda funksional bo‘limlar tarkibini qaytadan ko‘rib chiqqan holda, Universitetning takomillashtirilgan tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash.

2020-yil

may

Universitet, Transport vazirligi

2.

Universitetning kadrlar tayyorlash bo‘yicha asosiy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarini belgilash Transport tizimini kompleks rivojlantirish istiqbollari, ehtiyojlar, rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi, amalga oshirilayotgan hududiy va tarmoq dasturlari hamda kadrlar tayyorlash bo‘yicha xalqaro klassifikatorlarni hisobga olgan holda mazmun jihatdan yaqin bo‘lgan ijtimoiy va iqtisodiy ta’lim yo‘nalishlarini qisqartirish orqali texnika sohalari ta’lim yo‘nalishlarini kengaytirish, magistratura mutaxassisliklarini kengaytirish va ilmiy faoliyatni tor sohalar bo‘yicha amalga oshirishni tashkil etish.

2020-yil

may

Transport vazirligi,

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Universitet

3.

O‘quv-me’yoriy bazani yaratish Kadrlar buyurtmachilari tomonidan transport sohasining tarmoq kvalifikatsiya ramkasi, har bir kasb va lavozimi bo‘yicha professional standartlarni ishlab chiqish va ular asosida 2020/2021 o‘quv yiliga qadar davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv-reja va fan dasturlarini takomillashtirish hamda tasdiqlash.

2020 — 2023-yillar

Transport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Universitet

4.

Rivojlangan mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish Sohaga oid yetakchi xorijiy oliy ta’lim markazlari va ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha “qo‘shma diplom”, akademik mobillik hamda yozgi maktablar bo‘yicha integratsiyalashgan innovatsion ta’lim dasturlarini tashkil etish.

Transport universiteti mablag‘lari hisobidan

2020 — 2023-yillar

Transport vazirligi, Universitet,

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi

5.

O‘quv va amaliyot jarayonlarida tarmoq korxonalari ishtirokini kengaytirish asosida kadrlar tayyorlash sifatini oshirish 1. Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari va amaliy mashg‘ulotlar olib borishlari, talabalarning malakaviy amaliyotlarini o‘tashlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida soha korxonalarida o‘quv-amaliyot markazlarini (mutaxassislik kafedralari filiallarini) tashkil etish.

2. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Germaniya tajribasi asosida o‘quv-amaliyot markazlari va ishlab chiqarish obyektlarida talabalarning amaliy darslari va malakaviy amaliyotlarini nazariy o‘quv jarayonidan uzilmagan holda, dars jadvaliga ko‘ra o‘tkazish mexanizmini joriy etish. Bunda dars jadvaliga asosan haftaning bir kunini amaliyot kuni deb belgilash orqali talabalar ishlab chiqarish amaliyotini samarali tashkil etish.

3. Talabalarni buyurtmachi tashkilotlarga biriktirish hamda o‘qishni yakunlagunga qadar mazkur tashkilotlarda malakaviy amaliyotni bo‘lajak ish joylarida o‘tash tizimini yo‘lga qo‘yish.

Transport universiteti mablag‘lari hisobidan

2020-2021-yillar

Transport vazirligi, Universitet, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ

II. Ta’lim jarayonini ilg‘or pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullarini joriy qilishning xalqaro amaliyotiga muvofiq rejalashtirish, tashkil etish va uning sifatini oshirish

6.

Raqamli texnologiyalar asosida pedagogik faoliyat samaradorligini baholash va rag‘batlantirish tizimini yaratish 1. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida kafedra, fakultet va oliy ta’lim muassasasi kesimida o‘quv-uslubiy, ilmiy va “ustoz-shogird” faoliyati samaradorligini baholashning asosiy ko‘rsatkich va mezonlarini shakllantirish va avtomatlashtirilgan monitoring tizimini joriy etish.

2. Professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini qo‘llash samaradorligini oshirish maqsadida rag‘batlantirish va tanqidiy baholash mexanizmini joriy etish.

Transport universiteti mablag‘lari hisobidan

2020-2021-yillar

Transport vazirligi, Universitet, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

7.

Transport sohasidagi kadrlarni tayyorlash ta’lim yo‘nalishlari xususiyatidan kelib chiqqan holda, o‘quv fanlari va yuklamalarini optimallashtirish 1. 2020/2021 o‘quv yili o‘quv rejasidanomutaxassislik o‘quv fanlari sonini qisqartirish va mutaxassislik hamda mustaqil ta’lim soatlari salmog‘ini oshirish.

2. Malakaviy va ishlab chiqarish amaliyotlari muddatini bir o‘quv yilida to‘rt oygacha yetkazish.

3. Haftalik o‘quv yuklama soatlarini qisqartirish.

4. Transport vazirligi bilan kelishilgan holda (idoraviy hujjat asosida), soha uchun oliy ma’lumotli va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, professor-o‘qituvchilar o‘quv yuklamalarini optimallashtirish.

2020-2021-yillar

Transport vazirligi, Universitet, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

8.

Ta’lim mazmunini shakllantirishning mahalliy va xorijiy tajriba asosida o‘qi?ishning kredit-modul tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab birinchi bosqich talabalarini o‘qitishda kredit-modul tizimini joriy etish.

Vasiylik kengashi jamg‘armasi, homiy tashkilotlar mablag‘lari hisobidan

2020/2021

o‘quv yili

Transport vazirligi, Universitet, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

9.

O‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etishni kengaytirish 1. Zamonaviy raqamli loyihalash hamda modellashtirish dasturlarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish maqsadida PTV VISSIM, PTV VISSUM, PTV VISTRO, CREDO, IndorCAD/Road, AutoCAD, Matlab, CATIA, SOLIDWORKS, ArchiCAD, EViews, Stata kabi litsenzion loyihalash va modellashtirish dasturlarini o‘quv jarayoniga tatbiq qilish.

2. Raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha professor-o‘qituvchilar va xodimlarni xorijiy davlatlarga maqsadli stajirovkalarga yuborish.

Vasiylik kengashi jamg‘armasi, Transport universiteti, homiy tashkilotlar mablag‘lari hisobidan

2020 — 2023-yillar

Transport vazirligi, Universitet, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

IIIUniversitet rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari tarkibini tanlash, ularning pedagogik mahorati hamda kasbiy darajasini oshirish

10.

Kadrlarni tanlash va tayinlashning samarali mexanizmini joriy etish 1. Rektorat, fakultetlar, kafedralar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va akademik litseylar rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari tarkibini tanlash, tayinlash va ularning ish samaradorligini baholashning reyting tizimini joriy etish.

2. Universitet boshqaruv kadrlari zaxirasini tashkil etish, ularni maqsadli o‘qitish tizimini shakllantirish.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab

Transport vazirligi, Universitet

11.

Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyatini oshirish 1. Universitet professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyatini yilma-yil oshirib borish, shu jumladan 2020-yilda 35 foizgacha, 2021-yilda 39 foizgacha, 2022-yilda 47 foizgacha, 2023-yilda 51 foizgacha, 2024-yilda 53 foizgacha yetkazish maqsadida universitet doktoranturasiga har yilgi qabul kvotasini ko‘paytirish (30 nafargacha) va xorijiy maqsadli doktoranturaga yuborish (10 nafargacha).

2. Har yili magistraturaning iqtidorli bitiruvchilarini tanlash va pedagogik faoliyatga faol jalb qilish.

Innovatsion rivojlanish vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Vasiylik kengashi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab

Transport vazirligi, Universitet, Innovatsion rivojlanish vazirligi,

“El-yurt umidi” jamg‘armasi

IVIlmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, Universitetda olib boriladigan tadqiqotlarni ishlab chiqarish, akademik ilm-fan ehtiyojlari bilan integratsiyalash, ilmiy va innovatsion ishlanmalar natijadorligini ta’minlash, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish

12.

Universitetda olib boriladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalar natijadorligini oshirish 1. 2021-yildan boshlab, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini tijoratlashtirishni har yili 20 foizga oshirib borish bo‘yicha dastur ishlab chiqish.

2. Innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun ilmiy-tadqiqotlar zamonaviy eksperimental infratuzilmasini, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-tadqiqotlar tizimi va sharoitlarini shakllantirish.

3. Har bir fakultetda tematik ilmiy laboratoriyalar tashkil etish va ularni asbob-uskunalar bilan bosqichma-bosqich jihozlash.

4. Yoshlarni ilmiy ishlarga jalb qilish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni kadrlar bilan ta’minlash tizimini shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Universitetning akademik litseyiga iqtidorli yoshlarni tanlash va maqsadli tayyorlashning manzilli-hududiy tizimini joriy etish.

Vasiylik kengashi jamg‘armasi, Transport universiteti, homiy tashkilotlar mablag‘lari hisobidan

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab

Transport vazirligi, Universitet

VUniversitetda o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish va jihozlash, shuningdek, ta’lim, ilmiy va ma’muriy faoliyatning yagona axborot makonini yaratish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini jihozlash, kontent bilan to‘ldirish

13.

Universitetda zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriya majmualarini tashkil etish 1. Laboratoriya pasportlaridan kelib chiqib, asbob-uskunalarga buyurtma berish.

2. Barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriyalar bilan jihozlash.

Vasiylik kengashi jamg‘armasi, Transport universiteti mablag‘lari hisobidan

2020 — 2022-yillar

Universitet

14.

Ta’lim jarayonini axborot-kommunikatsion qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish 1. Masofaviy ta’lim va modul tizimiga o‘tishda zarur axborot texnologiyalari jihozlari bilan ta’minlash hamda vebinar xonalar sonini 25 taga yetkazish.

2. Universitetdagi ma’ruza, amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarini onlayn translatsiya qilishga hamda ularning sifatini monitoring qilishga mo‘ljallangan elektron platformani bosqichma-bosqich joriy etish.

3. Axborot-resurs markaziga avtomatlashtirilgan boshqaruv va monitoring tizimini bosqichma-bosqich joriy etish.

4. 2020-yilning yakuniga qadar Axborot-resurs markazi bazasidagi barcha o‘quv-metodik ko‘rsatma, o‘quv qo‘llanma, darslik, monografiya va boshqa turdagi adabiyotlarni to‘liq raqamlashtirish choralarini ko‘rish hamda universitet platformasiga to‘liq joylashtirish.

Vasiylik kengashi jamg‘armasi, Transport universiteti, homiy tashkilotlar mablag‘lari hisobidan

2020 — 2022-yillar

Transport vazirligi, Universitet,

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi

VIEtakchi xorijiy universitetlar bilan xalqaro hamkorlikni, sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, ta’lim faoliyatiga xorijiy mutaxassislar va o‘qituvchilarni jalb qilish

15.

O‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy oliy ta’lim muassasalari va tajribali soha ekspertlarini jalb etish 1. AQSh, Angliya, Germaniya, Polsha, Slovakiya, Xitoy, Yaponiya, Koreya, Singapur, Rossiya, Belorussiya va boshqa davlatlarning tajribali professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari va xalqaro ekspert�arini o‘quv jarayoniga jalb etish.

2. Xalqaro fondlar orqali jalb qilish qamrovini bosqichma-bosqich kengaytirish.

Vasiylik kengashi jamg‘armasi, Transport universiteti, homiy tashkilotlar, xalqaro tashkilotlar mablag‘lari hisobidan

2020 — 2023-yillar

Transport vazirligi, Universitet

16.

Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro almashinuv amaliyotini kengaytirish 1. Professor-o‘qituvchilarni MDH va chet el davlatlari yetakchi oliy ta’lim muassasalarida stajirovkadan o‘tkazish. Buning uchun barcha professor-o‘qituvchilarni ingliz va rus tillari bo‘yicha intensiv kurslarda tayyorlab, xorijiy stajirovkalarga maqsadli jo‘natish.

2. Turdosh hamkor xorijiy oliy ta’lim muassasalari yozgi maktablarining integratsiyalashgan innovatsion ta’lim dasturlarida qatnashuv�i talabalar qamrovini kengaytirish.

Vasiylik kengashi jamg‘armasi, Transport universiteti, homiy tashkilotlar, xalqaro tashkilotlar mablag‘lari hisobidan

2020 — 2023-yillar

Transport vazirligi, Universitet,

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi

VIITarbiya ishlari tizimini takomillashtirish, talabalarga yuksak axloqiy va ma’naviy-ma’rifiy fazilatlarni singdirish, yot g‘oya va mafkuralarga nisbatan immunitetni mustahkamlash, talabalarning sog‘lom turmush tarzi va dam olishini tashkil qilish uchun shart-sharoitlar yaratish

17.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusni amaliyotga keng joriy etish va bu yo‘nalishda Universitetni eng namunaviy oliy ta’lim muassasasi darajasiga olib chiqish 1. 1-tashabbus — talaba yoshlarni musiqa va san’atga jalb qilish, ularda estetik did va kasbiy etikani tarbiyalash maqsadida tanlovlar, ko‘rgazmalar, san’at va madaniyat maskanlarida ochiq darslar o‘tkazish, teatr va muzeylarga tashriflarni uyushtirish, iqtidorli talabalardan tashkil topgan “Yosh havaskorlar” ashula va raqs ansamblini tuzish.

2. 2-tashabbus — sport majmualarida to‘garaklar faoliyatini samarali tashkil etish va ularga talaba qizlarni yanada kengroq jalb qilish, talabalarning qiziqish va takliflari asosida yangi sport to‘garaklari ochish, talabalarning “Kibersport” sport turi bo‘yicha musobaqalarini tashkil etish, “Salomatlik sari mustahkam qadam” aksiyasi va sport turlari bo‘yicha universitet ichki chempionatlarini o‘tkazish.

3. 3-tashabbus — talaba yoshlarda Internet jahon axborot tarmog‘idan to‘g‘ri foydalanish madaniyatini rivojlantirish maqsadida ularning qiziqishlari bo‘yicha klublar, kompyuter texnologiyalari, loyiha va dasturlash bo‘yicha kompyuter dasturlari, internet savodxonligi to‘garaklari, onlayn-viktorinalar, IT-olimpiadalar tashkil etish, ta’lim faoliyati bilan bog‘liq elektron dasturlar, QR-kod elektron kutubxonalar joriy etish.

4. 4-tashabbus — talaba yoshlarni badiiy adabiyotga qiziqtirish, ularda vatanparvarlik, Vatan taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini tarbiyalash maqsadida “Bir talabaga — bir kitob” aksiyasi, “Eng faol kitobxon” tanlovi, “Yosh adabiyotchilar” klublarini, turli mavzulardagi tanlovlarni, talabalarning she’rlari, ilmiy maqolalari va she’riy to‘plamlarini chop etishni tashkil qilish, ommaviy axborot vositalarida yoritish.

5. 5-tashabbus — talaba qizlar�ing ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, “Biznes ledi” maktabi (biznes reja tuzishga o‘rgatish), “Tadbirkor talaba” klubi, “Oila maktabi” treninglari, tikuvchilik, kashtachilik, milliy hunarmandchilik kurslarini yo‘lga qo‘yish, qizlarni ichki salohiyatini ochishga ko‘maklashadigan ijodiy va fan to‘garaklariga jalb etish.

Transport universiteti mablag‘lari hisobidan

2020 — 2023-yillar

Transport vazirligi, Universitet

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-son qaroriga
2-ILOVA
Toshkent davlat transport universitetiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin beriladigan obyektlar
RO‘YXATI

T/r

Obyekt nomi

Manzili

Obyektni topshiruvchi tashkilot

Qabul qiluvchi tashkilot

1.

Talabalar turar joyi

Toshkent shahar, Uchtepa tumani,
9-daha, Lutfiy ko‘chasi, 18-uy

Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti

Toshkent davlat transport universiteti

2.

Talabalar turar joyi

Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 7-daha, Quloqtepa ko‘chasi

Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti

Toshkent davlat transport universiteti

3.

Umumiy ovqatlanish shoxobchasi

Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 9-daha, Quloqtepa ko‘chasi

Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti

Toshkent davlat transport universiteti

4.

O‘quv binosi

Toshkent shahri, Mirobod tumani, Alimbekov ko‘chasi, 2-uy

Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti

Toshkent davlat transport universiteti

5.

O‘quv-amaliy poligoni

Toshkent viloyati, Parkent tumani, “Chinorbuloq” MFY hududi

Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti

Toshkent davlat transport universiteti

6.

Toshkent ixtisoslashtirilgan xotin-qizlar kasb-hunar kolleji binosi

Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Temirchi ko‘chasi, 53-uy

Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti

Toshkent davlat transport universiteti

7.

Toshkent shahri, Mirobod tumanida joylashgan 65-maktab (sobiq Mirobod sanoat kasb-hunar kolleji) binosi

Toshkent shahri, Mirobod tumani, Sariko‘l 3-berk ko‘chasi, 1-uy

Xalq ta’limi vazirligi

Toshkent davlat transport universiteti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-son qaroriga
3-ILOVA
Toshkent davlat transport universitetiga tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplagan holda “nol” stavkadagi ijara to‘lovi asosida beriladigan obyektlar
RO‘YXATI

T/r

Obyekt nomi

Manzili

Obyektni ijaraga beruvchi tashkilot

Ijara muddati

1.

Aviakosmik texnologiyalar fakulteti binosi (moddiy-texnika vositalari bilan birgalikda)

Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Labzak ko‘chasi, 107-uy

Toshkent davlat texnika universiteti

2022-yil 1-iyul

2.

63-talabalar turar joyi

Toshkent shahri, Olmazor tumani, Talabalar shaharchasi

Toshkent davlat texnika universiteti

2022-yil 1-iyul

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-son qaroriga
4-ILOVA
Toshkent temir yo‘l muhandislari institutidan Toshkent davlat texnika universitetiga ko‘chiriladigan ta’lim yo‘nalishlari
RO‘YXATI

T/r

Ta’lim yo‘nalishi shifri va nomi

Talabalar soni*

1.

5311600 — Konchilik ishi (yer osti konchilik ishi)

57

2.

5311600 — Konchilik ishi (ochiq konchilik ishi)

44

3.

5314400 — Foydali qazilmalarni boyitish (ko‘mir)

12

4.

5312200 — Konchilik elektromexanikasi

25

5.

5312300 — Marksheyderlik ishi

18

* Mazkur ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olayotgan talabalarga o‘qishni Universitetning bilim sohasi doirasidagi ta’lim yo‘nalishlariga yoki Toshkent davlat texnika universitetining mos yoki turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-son qaroriga
5-ILOVA
Toshkent davlat transport universitetining Vasiylik kengashi
TARKIBI
1. A.J. Ramatov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Vasiylik kengashi raisi
2. E.M. Ganiyev

O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri, Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari
3. U.Sh. Begimqulov

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari
4. X.N. Xasilov

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi v.b.
5. A.A. Abduvaliyev

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi v.b.
6. B.I. Xakimov

“Uzbekistan Airways” AJ boshqaruvi raisi v.b.
7. U.M. Kiyasov

“Uzbekistan Airways Technics” MChJ direktori
8. R.M. Ismailov

“Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi v.b.
9. A.U. Suvanov

“Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodi” davlat korxonasi direktori
10. A.X. Ashurov

“O’zaeronavigatsiya” markazi” davlat unitar korxonasi direktori
11. lavozimiga ko‘ra

Toshkent davlat transport universiteti rektori, Vasiylik kengashi kotibi
Izoh. Kengash a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, Kengash tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki vazifalar yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

 

(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2020-y., 07/20/4703/0534-son)