Qariyalarning ko‘ngli ko‘tarildi

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar maxsus-maktab internatlari, maxsus maktablar va mehribonlik uylarida turli tadbirlar tashkil etish an’ana tusini olgan.

«Navro‘z» bayrami arafasida institut faollari «Respublika urush va mehnat fahriylari pansionati»ga tashrif buyurdilar. Keksalarning pandu-nasihatlariga quloq tutdilar.

– Mazmunli umr kechirgan inson yoshi o‘tganida, garchi kuch-madordan qolsa-da, hayot jarayonlarida aqliy va ruhiy sifatlari toblangan nuroniyga aylanadi, – deydi tadbir tashkilotchisi, institut Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ilyos Xolboev. – Qadr insonni ulug‘laydi.

Haqiqatdan ham, ayni kunlarda nuroniy keksalarimiz har erda qadri baland. Yurtimizda ko‘plab qariyalar pensiyaga chiqqanidan keyin ham ishlashni davom ettirmoqdalar. Xonadonlarimizda nabiralarning parvarishi asosan, e’zozli bobojon va buvijonlar zimmasida. Vaqti kam, doim ish bilan band farzandlar uchun ota-ona naqd xazinaning o‘zginasi.

Ammo… Unutilgan va yolg‘iz qolgan keksalarga o‘ziga ishonch va muxabbatni qaytarish ma’naviy hayotimizning ajralmas qismidir.

«Respublika urush va mehnat fahriylari pansionati»ga tashrif avvalida qariyalar bilan institut yoshlari o‘rtasida suxbat tashkil etildi. Qariyalar yurtimizda ming asrlar davomida qaror topgan axloqiy negizlari borasidagi fikrlarini hayotiy misollar bilan tushuntirib berdilar.

Tashrif institut jamoasining xayriya mablag‘lari evaziga xarid qilingan manzarali va gul ko‘chatlari o‘tkazib berishga ulanib ketdi. Institut yoshlari keksalarning rahbarligi va ko‘rsatmasiga muvofiq pansionat hududiga 200 dona archa va 1000 dan ortiq gul ko‘chatlarini ekib berdilar. Bahorgi ekish davri bo‘lganligi bois, qariyalar institut jamoasining tashabbusini xursandchilik bilan qabul qildi.

– Xitoyliklarda “keksalar daraxt ekadi, soyasida yoshlar dam oladi“, degan hikmat bor, – deydi pansionat xodimi. – Lekin bu daraxtlarning soyasida bugungi yoshlarimiz o‘tirmasin. O‘qisin. O‘z yo‘lini topsin. Qariyalarni ko‘ngli tog‘day ko‘targan Sizlarga katta rahmat.

«Respublika urush va mehnat fahriylari pansionati» qariyalari e’tibor va samimiyat uchun institut jamoasiga o‘z minnatdorchiligini bildirdilar. Keksalarni ko‘nglini ko‘tarish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar barchaga zavq ulashdi.

Axborot xizmati