Qalbimiz professori

Assalomu alaykum, hurmatli institut jamoasi!
Biz hayotimizda turli-tuman sanalarni bayram sifatida keng nishonlaymiz. Shular qatorida ko‘ngillarimizga go‘zallik va xursandchilik, fayzu tarovat olib keladigan 8-mart bayrami alohida o‘rin tutadi. Bu sana ko‘p ming sonli jamoamiz taqdiri va kelajagiga befarq bo‘lmagan ayollarimiz bayrami.
Mana shu bayram kunlarida institutning har qaysi kafedrasida, har qaysi bo‘limida qadrli opa-singillarimizni e’zozlash, ilmli talaba qizlarimizni qadrlash, ularni ulug‘lash uchun eng go‘zal va olijanob ta’riflarni keltirishga intilamiz.
Bayram arafasida har yilgidek, institut jamoasining qalbida o‘rin olib bo‘lgan ayollarimiz timsolida barcha opa-singillarimizni, ustoz va talaba qizlarimizni yana bir e’tirof etishga intildik.

Axborot xizmati

Qalbimiz professori

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti jamoasida o‘z umrini ta’lim jarayoniga bag‘ishlagan ko‘plab fidoyi insonlarni uchratish mumkin. Ulardan biri Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti “Ko‘priklar va tonnellar” Kafedrasida 42 yildan beri faoliyat olib borayotgan Qayumova Xurnisa Tairovnadir.

U 1951 yili Toshkent shahrida Toir ota va Qutfixon ona xonadonlarida tavallud topdi. Besh farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan Xurnisa Tairovna maktabni a’lo baholar bilan bitirdi va 1968 yili Toshkent Politexnika institutiga (hozirgi Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika universiteti) o‘qishga kirdi. Institutni “Muhandislik geodeziyasi” mutaxassisligi bilan tamomlagach, 1973 yili o‘z mehnat faoliyatini “O‘zbek oziq ovqat sanoati ilmiy tekshirish loyihalash konstruktorlik instituti”da qidiruv muhandisi sifatida boshladi. Yoshligidan pedagogik layoqatga ega bo‘lgan Xurnisa Tairovna 1975 – 1978 yillarda Toshkent Politexnika instituti “Injenerlik geodeziyasi” kafedrasi assistenti lavozimida faoliyat yuritdi. 1978 yildan pedagogik faoliyatini Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida davom ettira boshladi.

Institutdagi faoliyati davomida kafedradagi “Muhandislik geodeziyasi” maktabi rivojiga o‘z hissasini qo‘shishda, ta’lim jarayoniga o‘z davrining ilg‘or texnologiyalarini tadbiq etishda kafedra a’zolari bilan birgalikda yirik ishlarni amalga oshirdi. Istiqlolning ilk yillarida ta’lim tizimidan kadrlar chiqib ketayotgan bir davrda institutdagi “Muhandislik geodeziyasi” maktabini saqlab qolish va faoliyatini rivojlantirishda jonbozlik ko‘rsatdi. Samarali faoliyati davomida bir qancha shogirdlar etishtirdi. Uning shogirdlari hozirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimidagi qurilish tashkilotlari, jumladan, “Ko‘prikqurilish tresti” UK, “Boshtransloyiha” AJ va respublikadagi boshqa yetakchi qurilish tashkilotlarida faoliyat yuritmoqdalar.

Xurnisa Tairovna serqirra ilmiy-pedagogik ish tajribasiga ega. Uzoq yillar mobaynida “Qurilish” fakulteti ilmiy-uslubiy kengashi kotibasi sifatida faoliyat yuritdi. Faoliyati mobaynida fakultet yosh professor-o‘qituvchilarining kelgusi ilmiy tadqiqot yo‘nalishlarini belgilashlarida va pedagogik mahoratlarini rivojlantirishlarida o‘z maslahatlarini berib bordi. Ilmiy-uslubiy kengash majlislarida ko‘rilayotgan masalalar muhokamasida muhim tashabbuslarni olg‘a surdi.

“Tahririy nashriyot va poligrafiya” bo‘limi bilan hamkorlikda institut professor-o‘qituvchilarining darslik, risola va o‘quv qo‘llanmalarini nashrga tayyorlashda muharrir sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Bugunga qadar 200 ga yaqin kitoblarning imloviy xatolarsiz, matn uslubiyatini sayqallagan holda nashr etilishiga sababchi bo‘ldi.

Xurnisa Tairovna bugungi kunga qadar 20 ga yaqin uslubiy ko‘rsatma va o‘quv qo‘llanmalari va 1 ta darslikka mualliflik qildi. “Muhandislik geodeziyasi”, “Ko‘prik kechuvlarini loyihalashda geodezik ishlar”, “Geodeziya asoslari” shular jumlasidandir. U kafedraning o‘quv-uslubiy faoliyatini tashkil etishda bir qator ishlarni amalga oshirdi. Kafedrada o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha fan dasturlari, ishchi o‘quv dasturi, o‘quv-uslubiy majmualar, ZiyoNet tarmog‘ida fanlar bo‘yicha kontentlarni yaratishda faol ishtirok etmoqda. Xurnisa Tairovna kafedra professor-o‘qituvchilari orasida e’zozga ega. Ularga o‘zining maslahatlari va tavsiyalarini muntazam berib boradi.

“Qurilish” fakulteti talabalarining yozgi o‘quv geodezik va geologik amaliyotlarini tashkil etishda, amaliyot jarayoniga zamonaviy geodezik asboblarni joriy etish va sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishda kafedra professor-o‘qituvchilari bilan samarali faoliyat olib borishmoqda. Magistratura talabalariga “Transport inshootlari ekspluatatsiyasida geodezik ishlar” va “Ko‘priklar va tonnellarni qurishda geodezik va marksheyderlik ishlari” fanlaridan saboq beradi. Respublika va xalqaro miqyosdagi anjumanlarda o‘z maqolalari bilan ishtirok etadi. Faoliyati davomida o‘rgangan yangi ma’lumotlari yuzasida tezis va maqolalarini “ToshTYMI axboroti”, “Qurilish” va boshqa jurnallarda nashr ettirib kelmoqda.

Qayumova Xurnisa Tairovna yuksak madaniyati va intellekti, mehnatsevarligi va fidoiyligi tufayli institut jamoasiga namuna desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Fursatdan foydalanib Xurnisa Qayumova timsolida barcha ayollarimizni “Xalqaro xotin-qizlar kuni” bilan tabriklabmiz. Barchalariga mustahkam sog‘liq, tinchlik-xotirjamlik va kelgusi faoliyatlarida shijoat tark etmasligini tilab qolamiz!

“Ko‘priklar va tonnellar” kafedrasi mudiri Ulug’bek Shermuxamedov

 

Institutning rasmiy telegram kanali:https://t.me/ttymi1931