Bugungi talaba – ertangi mutaxassis

21 fevral kuni «O‘zbekiston temir yo‘llari»AJ tizimidagi rahbarlar bilan uchrashuvlar turkumidagi navbatdagi muloqot “Aloqa va signallashtirish” boshqarmasi boshlig‘i Alimjan Kaldibaev ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Tashrif avvalida Alimjan Kaldibaev “Temir yo‘l transportida avtomatika, telemexanika va telekommunikatsiya texnologiyalari” kafedrasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Kafedrada faoliyat olib borayotgan yosh tadqiqotchilarning iqtidorlarini, ilm-fan yo‘lidagi ishtiyoq va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilgan shart-sharoit hamda istaklari bilan qiziqdi.

Kafedra tassarufidagi ilmiy laboratoriyada olib borilayotgan ilmiy izlanishlar borasida fikr almashdi. Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada takomillashtirish muhimligi alohida qayd etildi. Jamiyat oldida turgan dolzarb masalalarni ilm-fansiz echish qiyinligi ta’kidlandi. 2019 yilda doktorlik ishini himoya qilgan olimlarni qutladi.

Tashrif davomida Alimjan Kaldibaev “Ishlab chikarishni avtomatlashtirish va boshqarish” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi. Talaba-yoshlarga jamiyatning boshqarma va xududiy tashkilotlarida aloqa va signallashtirish yo‘nalishi bo‘yicha yaqin yillarda ko‘zda tutilgan strategik maqsad va rejalar to‘g‘risida axborot berdi.

Muloqotning asosiy maqsadi bitiruvchi yoshlarga quyiladigan talablar va ularga yaratilgan shart-sharoitlarga qaratildi. “Aloqa va signallashtirish” boshqarmasi boshlig‘i Alimjan Kaldibaev yoshlarni o‘qish va izlanishlarini muvaffaqiyatli tugatib, bilim va tajribalarini temir yo‘l rivojiga yo‘naltirish muhimligini bildirdi.

Axborot xizmati