Jamiyat yoshlarni innovatsion g‘oyalar bo‘yicha ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlaydi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati yoshlarning intellektual, ilmiy va texnologik salohiyatni shakllantirish va transport sohasini malakali kadrlar bilan to‘ldirib borish maqsadida Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Yaponiya hamda Xitoy Xalq Respublikalarining ta’lim muassasalari bilan hamkorlik ishlarini Toshkent temir yo‘l muhanidislari instituti orqali yo‘lga qo‘ygan. Hozirgi kunda ushbu davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida 390 nafar yoshlar tahsil olmoqda. Jamiyatning ta’lim grantlari asosida tahsil olayotgan talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi, munosib sharoitlarda istiqomat qilishlari uchun qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Joriy yilning 19 fevral kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi o‘rinbosari O‘tkir Tursunqulov jamiyat grantlari asosida xorijda tahsil olayotgan talabalarning ota-onalari bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida O‘tkir Tursunqulov Rossiya Federatsiyasida jamiyatning ta’lim grantlari asosida tahsil olayotgan talabalar bilan o‘tkazgan suxbatining mazmuni, xorij ta’lim muassasalari rahbarlarining o‘zbekistonlik yoshlar haqidagi fikr-mulohazalari, ta’limga munosabatlari yuzasidan axborot berdi.

– Jamiyat ta’lim grantlari asosida tahsil olayotgan yoshlarimiz soni so‘ngi besh yil davomida uzluksiz ortib bordi, – dedi O‘tkir Tursunqulov. – Xorijda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish orqali biz o‘z kelajagimizga investitsiya qilayapmiz va global chaqiriqlarni hal qilish uchun maydon yaratayapmiz.

Talaba-yoshlarning muammolari va istiqbolli rejalari bilan tanishish, ularga imkon qadar yordam ko‘rsatish, ular bilan hamkorlikda turli loyihalarni amalga oshirishda ota-onalar ham e’tibor qaratish lozimligi uqtirildi. Har bir talabaning o‘zlashtirish holati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Ota-onalarga farzandlari uchun ta’limning navbatdagi bosqichlarini davom ettirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hususida ma’lumot berildi.

Muloqotda ta’kidlanganidek, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida yangi loyiha va tashabbuslar, akademik doiralar bilan qo‘shma tadqiqotlar olib borish, o‘zaro tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlarda muzokaralar olib borilayotganligini va bu borada xorijda tahsil olayotgan talabalar ko‘prik vazifasini o‘tashi lozim.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda ota-onalarning fikrlari ham tinglandi. Temir yo‘lchi yoshlarni mukammal ta’lim olishlari uchun nimalarga ko‘proq ahamiyat berish borasidagi taklif va mulohazalar o‘rganib chiqildi.

Shuningdek, ota-onalarga farzandlarining tarbiyasi va ma’naviyatiga e’tiborliroq bo‘lish shartligi eslatib o‘tildi. Kelgusida ham shu kabi uchrashuvlar tez-tez o‘tkazishga kelishib olindi.

Axborot xizmati