Prokuror va yoshlar uchrashuvi

7 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport Prokuraturasi tashabbusi bilan Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida respublika transport prokuroturasi va Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi xodimlari ishtirokida prokuror va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 dekabr kuni o‘tkazilgan mamlakat yoshlari bilan uchrashuvda yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan topshiriqlarni amalga oshirish, institut yoshlarining muammolari bilan tanishish hamda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini yoshlarga etkazishga qaratildi.

Tashrif doirasida transport prokuroturasi va Ichki ishlar vakillari institutdagi ta’lim jarayoni bilan tanishishdi, talabalar bilan suxbatlashdilar. Respublikasi transport prokurori Marufxon Xodjaev yosh o‘qituvchilar bilan fikr almashdi.

Tashrif institut faollar zalida yoshlari bilan ochiq muloqot shaklida davom etdi. Uchrashuvni institut rektori Ma’rufjon Rasulov boshqardi.

O‘zbekiston Respublikasi transport prokurori vazifasini bajaruvchi, adliya katta maslahatchisi Marufxon Xodjaev sud-huquq tizimidagi islohotlar, ezgu tashabbuslar, yoshlarga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar haqida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Toshpo‘latov yoshlarlar o‘rtasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar, temir yo‘l tizimida sodir etilayotgan jinoyatlar xususida so‘z yuritdi.

Samimiy, yurakdan qilingan suhbat yoshlarni qiziqtirayotgan savollarga ulanib ketdi. Savollar sud jarayoni, prokuror mas’uliyati va sohadagi ta’lim tizimi haqida bo‘ldi.

Shuningdek, tadbirda respublikamiz transport xavfsizligi va sohada kuzatilayotgan turli vaziyatlardan insonlarni muhofaza qilish borasidagi muammolar hamda erishilgan yutuqlar videorolik orqali namoyish etildi.

Yoshlarga oid davlat siyosati qanday amalga oshirilyapti, qanday muammolar bor, ularni qanday hal qilishimiz kerak? Ushbu savollar muhokamalar markazida bo‘lar ekan, yoshlarning mulohazalari – takliflari tinglandi.

Institut binosida prokuroturaning yoshlar muammolari bilan shug‘ullanuvchi maxsus xonasini tashkil etishga kelishib olindi.

Muloqot yakunida respublika transport prokurori tomonidan faol va iqtidorli talabalarga huquqiy adabiyotlar taqdim etildi.

Tashrif yakunida transport prokuroraturasi va Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi xodimlari yoshlarni ta’limdan tashqari faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Axborot xizmati.