“Ipak yo‘li” banki xodimlari talabalarga tavsiyalar berdi

Bugun Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida aksioner innovatsion tijorat «Ipak yo’li» banki yosh xodimlari talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuvda zamonaviy bank xizmatlari borasida axborotlar berildi.


Erkin raqobatga asoslangan bozor munosabatlarining rivojlanishi iqtisodiyot ishtirokchilariga sifatli bank xizmatlari taqdim etishni talab qiladi. Banklar faoliyati bo‘yicha axborotlarning ommaviyligini ta’minlash va bank amaliyotidagi yangiliklardan xabardor qilishga qaratilgan uchrashuvda “Ipak yo‘li” banki amaliyot boshqarmasi boshlig‘i o’rinbosari Gulnora Saidjalilova rahbarligidagi bankning yetakchi xodimlari ishtirok etishdi. “Ipak yo‘li” banki mutaxassislari tomonidan o’tkazilgan mahorat darsida ham sifatli bank xizmatlari haqida so‘z yuritildi.


– Bugungi kunda bank xizmatlarining zamonaviy shakllarini yaratishda yoshlarning munosabatiga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda, – dedi “Ipak yo‘li” banki bo’lim boshlig’i Anvar Isaev. – Shu bois, bank tomonidan yoshlar bilan uchrashuvlar va mahorat darslarini o‘tkazishga alohida etibor qaratilgan.


Uchrashuv davomida moderator Ma’mura Kushakova to‘lov va harid maqsadida moliya sigmentiga kirib kelayotgan ilmiy atamalar bo‘yicha munozarali savollar kiritib bordi. Bu atamalarga bank xodimlari izoh berish bilan bir qatorda, yurtimiz moliya sektorida qo‘llanishi bo‘yicha ma’lumotlar berishdi.


Shu bilan birga, bank muassasalarining avtomatlashtirilgan axborot tizimining texnik, dasturiy va axborot ta’minotini oqilona yo‘lga qo‘yish va shu orqali moliya bozori iste’molchilari uchun qulayliklar yaratish, aholiga bank axborot xizmatlari to‘liq ko‘rsatilishiga erishish borasidagi amaliy ishlar yuzasidan taqdimotlar uyushtirildi. Ayniqsa, “IpakYoliMobile” va “Online-kredit” bo‘yicha taqdimotlar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.


Uchrashuv doirasida talabalar bilan sohaga oid savol javoblar bo‘lib o‘tdi. Savollar bank faoliyatiga ta’luqli bo‘ldi. Tadbir so‘nggida savollarga eng yaxshi va kreativ javob bergan talabalarga esdalik sovg‘alar topshirildi.


Uchrashuv yakunida tadbir moderatori, “Buxgalteriya hisobi va audit” kafedrasi katta o‘qituvchisi Mamura Kushakova barchaga minnatdorchilik bildirdi.

Axborot xizmati