Innovatsion qurilish loyihalari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishga kelishildi

25 yanvar kuni Qurilish fakulteti jamoasi bilan Rossiya Federatsiyasining “GRAPHISOFT” kompaniyasi mutaxassisi Mariya Kalashnikova va “SERVICE YOU” komaniyasi direktori Rustam Toshov uchrashdi.

Uchrashuvni institut o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Abdulaziz Gulamov boshqardi. Tadbirning bosh maqsadi Davlatimiz rahbarining 2018 yil 18 noyabrdagi “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5577-sonli Farmonining 7 bandida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlashga qaratildi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar loyihalashtirish va qurish faoliyatini yuksaltirish uchun rivojlangan davlatlarning qurilish kompaniyalar bilan hamkorlik xususida so‘z yuritdi.

– Xorijiy tashkilotlari bilan doimiy aloqada bo‘lish, ularning tajribasini o‘rganish va joriy qilish muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Qurilish fakulteti dekani Asqar Babaev. – Qurilish fakulteti talabalarida zamonaviy dasturlardan foydalanish orqali loyihalarni samaradorligini oshirish ko‘nikmalarini rivojlantirib borishni davr taqazo etayapti.

“SERVICE YOU” komaniyasi direktori Rustam Toshov kompaniya faoliyati bilan yig‘ilish ishtirokchilarini yaqindan tanishtirdi.

“GRAPHISOFT” kompaniyasi mutaxassisi Mariya Kalashnikova, jadallik bilan rivojlanayotgan qurilish sohasining barcha turlari, jumladan, loyihalashtirish jarayonining taraqqiyoti va texnologik jihatlari to‘g‘risida so‘z yuritdi.
So‘ng Rossiya Federatsiyasining “GRAPHISOFT” kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi.

“ARCHICAD” dasturi o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashgan professor-o‘qituvchi va talabalarga sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alar topshirildi.


– Bugungi kunda MDH davlatlari qurilish sohasida keng qo‘llanib kelinayotgan “ARCHICAD” zamonaviy dasturi yordamida bajarish muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi “Bino va sanoat inshootlari qurilishi” kafedrasi magistranti, “ARCHICAD” dasturi o‘quv mashg‘uloti ishtirokchisi Samariddin Nuriddinov. – Chunki bu dastur loyihalanayotgan bino va inshootlarning barcha elementlari oson loyihalash imkonini beradi.

Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlarga mahorat darsi o‘tib berildi.

Manba: Qurishish fakulteti