Ta’lim sifatini ta’minlashda xalqaro hamkorlikning ahamiyati

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi ta’limning tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi ahamiyatini e’tirof etgan holda o‘zining 2018 yil 3 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan 24 yanvarni “Xalqaro ta’lim kuni” deb e’lon qilgan. Shu munosabat bilan Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Yadgor Ruzmetov ta’lim sifatini ta’minlashda xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirish borasida institutda amalga oshirilayotgan ishlar hususida fikr yuritdi.

Ta’lim – bilim berish, malaka va ko‘nikmalar hosil qilish jarayoni, kishini hayotga va mehnatga tayyorlashning asosiy vositasi. Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining 26-moddasida belgilab qo‘yilganidek, ta’lim olish har bir insonning huquqi. Shu bois, so‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalarida qabul kvotalarini bosqichma-bosqich oshirishga katta e’tibor qaratildi. Oliy ta’lim muassasalarida yildan yilga talabalar sonining ko‘payishi o‘qitishning innovatsion shakl va uslublarini joriy qilish, xodimlarni ilg‘or xorij tajribasi asosida qayta tayyorlash va malakasini oshirish zaruriyatini kuchaytirmoqda.

Shuningdek, Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim tizimini isloh qilish, uni takomillashtirish va sifat darajasini oshirish yo‘lida ustuvor vazifa sifatida, dunyodagi eng ilg‘or mamlakatlar bilan tajriba almashish, global ta’lim jarayonlarida faol ishtirok etish belgilab berildi. Zero yopiq sharoitlarda ta’limni rivojlantirib bo‘lmasligini ko‘plab mamlakatlarning tajribasidan ma’lum.

Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti turdosh xorijiy oliy ta’lim tizimlarini uyg‘unlashtirish masalasiga e’tiborini kuchaytirmoqda. Bugunga kelib 30 dan ortiq xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Jahonning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalarining xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalari, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy qilishga evolyutsion yo‘l bilan intilmoqda.

Institut yoshlarning intellektual, ilmiy va texnologik salohiyatni shakllantirish va transport sohasini malakali kadrlar bilan to‘ldirib borish maqsadida Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Yaponiya hamda Xitoy Xalq Respublikalarining turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda ushbu davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida 390 nafar yoshlar tahsil olmoqda. Bu borada institutning hamkorlik geografiyasi yil sayin kengayib borayotganligini ko‘rish mumkin.

Institutda nafaqat ta’lim balki, tadqiqot potentsialini yuksalishiga ham katta e’tibor qaratilgan. Aslida ham har bir oliy ta’lim muassasasini oldida ta’lim, tadqiqot va jamiyatda o‘z professonal yo‘nalishining ilmiy rahbari bo‘lish vazifalari mavjud. Transport sohasiga innovatsiya olib kirish va tadqiqot imkoniyatlarini yanada rivojlantirish yuzasidan xorijiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan muntazam aloqalar mavjud. Toshkent temir yo‘l muhandislaari institutining 40 nafar yosh ilmiy tadqiqotchilari xorijiy ta’lim muassasalarining aspirantura va doktarantura tizimida ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar.

Modulli ta’lim dasturlari, sillabuslar ishlab chiqishda, birgalikdagi o‘quv dasturlari, ma’ruza, amaliy mashg‘ulotlar va tadqiqotlar bilan bog‘liq muhim masalalar yechimida xalqaro hamkorlikka e’tibor qaratilmoqda. 2019 yil mobaynida 66 nafar xorijiy olimlar va amaliyotchilar ta’limga jalb etilganligi fikrimiz asosidir.

Bir so‘z bilan aytganda, ta’lim sifatini ta’minlashda bugungi globalizatsiya jarayonlariga qo‘shilish, jahon hamjamiyatiga integratsiya qilish mamlakatimiz kelajagi uchun juda muhim hisoblanadi. Ta’lim dunyoviy ilmiy-intellektual, badiiy-estetik va ma’naviy-axloqiy madaniyat yutuqlarini o‘zlashtirish jarayonidir va haqiqiy ta’lim milliy-davlat chegaralarini tan olmasdan jahon tajribalariga asoslangan bo‘lishi har qanday davlat kelajagi uchun kuchli omildir.

Yadgor Ruzmetov

Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor.