Ulug‘bek Xodjaev yoshlar bilan uchrashdi

17 yanvar kuni «O‘zbekiston temir yo‘llari»AJ tizimidagi yosh rahbarlar bilan uchrashuvlar turkumidagi navbatdagi muloqot Moliya boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Xodjaev ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2019 yil 27 dekabr kuni mamlakat yoshlari bilan uchrashganida ularni madaniyat va san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish kabi masalalarni ilgari surgan edi.

Shundan kelib chiqib har bir vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari hamda hokimlarga yoshlar bilan ishlash bo‘yicha alohida vazifalarni bergan edi. Ushbu vazifaning ijrosini ta’minlash va «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari O‘tkir Tursunqulovning “Tizimdagi yosh rahbarlar bilan Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti talabalarining uchrashuvlarni tashkil etish to‘g‘risida”gi ko‘rsatmasiga asosan Moliya boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Xodjaev bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Unda Iqtisodiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari, institutning Buxgalteriya, Rejalashtirish va Moliya bo‘limi xodimlari hamda turli fakultet talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda aksiyadorlik jamiyati korxona va tashkilotlarida yoshlar bilan alohida ishlashning samarali tizimini yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratilayotganligi, ayniqsa bu borada institut yetakchi va tashabbuskor bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Talabalarni yetuk mutaxassis va yuksak ma’naviyatli shaxslar sifatida tarbiyalash, nafaqat aksiyadorlik jamiyati balki, butun mamlakatning haqiqiy tayanchi, kuchi va iftixoriga aylantirish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanligi aytildi.

Yoshlar bilan ko‘proq uchrashuvlar tashkil etish, o‘quv seminarlarda ular ishtirokini ta’minlash, nazariya va amaliyot hamoxangligini ta’minlashda mutaxassislarni jalb qilish orqali katta natijalarga erishish mumkinligi haqida so‘z bordi.

– Buhgalteriya hisobi va audit ta’lim yo‘nalishi bitiruvchisiman, – deydi BHA-36 guruh talabasi Ulug‘bek Xayitmurodov. – Bugungi tadbirda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, men kabi talabalarga amaliy maslahatlar va yosh mutaxassislar oldida turgan to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan fikrlar almashildi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalarining moliya sohasi talablarini chuqurroq tushunish – bugungi tadbirning asosiy maqsadi bo‘ldi.

Uchrashuv muloqot tarzida bo‘lgani uchun institut yoshlari o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar, qiziqtirayotgan savollarni o‘rtaga tashlab, etarlicha javob olishdi.

Axborot xizmati