Uzoq sharq davlat transport universiteti rektori Yuriy Davidov:  Hamkorligimiz transport rivojiga xizmat qiladi

16 yanvar kuni Toshkent temir yo‘l muhandislari institutiga Rossiya Federatsiyasining Uzoq sharq davlat transport universiteti rektori Yuriy Anatolevich Davidov va tashqi aloqalar boshqarma boshlig‘i Svetlana Ivanovna Xan tashrif buyurdi.

Institut rektori Ma’rufjon Rasulov tanishuv marosimida institutning tarixi va ilmiy salohiyati xususida so‘z yuritdi.

Tashrif davomida mehmonlar 90 yillik tarixga ega institut va uning fakultetlari bilan yaqindan tanishdi.  Yuqori texnologiyalarga asoslangan auditoriyalarga tashrif buyurib, bu yerdagi jihozlar va talabalarning ilmiy ijod qilish salohiyatlarini ko‘zdan kechirdi.  Mehmonlarga xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshirilgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.  Xorij oliy ta’lim muassasasi rahbarida institut jamoasiga yaratilgan shart-sharoitlar iliq taassurot uyg‘otdi.

Uzoq sharq davlat transport universiteti rektori Yuriy Davidov va Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti rahbariyatining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida ilmiy-ma’rifiy hamkorlikning ravnaqi haqida so‘z bordi.

Tashrifning asosiy maqsadi – hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari oliy ta’lim muassasalari rahbarlari o‘rtasida atroflicha muhokama qilindi.  Imzolangan memorandumda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalarni o‘qitishni tashkil etish, talabalar almashinuvi, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish asosida ilmiy resurslar va tajriba almashish, shuningdek, transport va muhandislik sohasida almashinuvni mustahkamlash uchun o‘quv rejalarini ishlab chiqish masalalari o‘rin oldi.

Muloqot davomida ilmiy faoliyat,  birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish,  o‘zaro mutaxassislar almashish kabi istiqbolli qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Axborot xizmati