“Vatan himoyachilari kuni” ko‘taringi ruhda nishonlanmoqda

Ma’lumki, Mustaqilligimizning ilk yillaridanoq mamlakatimiz mudofaasini kuchaytirish masalasi davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olindi. 1992 yil 14 yanvar kuni Respublika Oliy Kengashining “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy tuzilmalar mustaqil O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazildi. Mazkur hujjat armiyamizni isloh qilishning uzoq muddatli dasturi ishlab chiqilishiga yo‘l ochdi. 1993 yilning 29 dekabrida 14 yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” deb e’lon qilindi.

Bugungi kunda yoshlarda vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi, komil inson, ijtimoiy hamkorlikni shakllantirish orqali institutda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.


Institutda bayram doirasida tashkil etilgan tadbirlarda vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligiga shukronalik va ko‘tarinkilik sezilib turdi. Bayram bilan bog‘liq o‘nlab mazmunli ma’rifiy marosimlar institut jamoasini fikran qamrab oldi.


Jumladan “Ijtimoiy-gumanitar fanlar”kafedrasi mudiri, professor Jumaniyoz Ramatov tashabbusi bilan “Vatanni himoya qilish – sharafli, olijanob va mas’uliyatli ish” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida Mudofaa vazirligining mas’ullari ishtirok etdi. Suxbat davomida Davlatimizning harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini ifoda etadigan yangi Mudofaa doktrinasining mazmuni ochib berildi. Amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida milliy armiyamiz tezkor va ixcham, har qanday tahdidlarga munosib zarba berishga qodir bo‘lgan jangovar kuchga aylanib borayotganligi misollarda keltirildi.

Institut talabalar uyida tashkil etilgan ma’rifiy tadbirda “Xayot faoliyati xavfsizligi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan milliy o‘zlikni anglash, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan “Temur tuzuklari” kitobi bo‘yicha davra suxbatlari tashkil etildi.

Bayram munosabati bilan Qurilish fakultetining ma’rifiy suxbatida baynalminal jangchilar podpolkovnik Muxtor Xurramov va O‘rinboy Turg‘unboevlarning xotiralari tinglandi.

Institut yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Harbiylar bellashganda” nomli ko‘rik-tanlovining asosiy maqsadi yosh avlodni ma’naviy, jismoniy barkamol qilib tarbiyalash, yoshlarda buyuk ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytirish va mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida birlashtirishga e’tibor qaratildi.


Bayram doirasida o‘tkazilgan marosimlardan yakuniy xulosa sifatida Vatanimiz, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ishonchli himoya qilish, bugungi kunda har bir yigit qizning orzusi va burchiga aylanganligini angladik.

Axborot xizmati