Vatan himoyasi muqaddas

Bugun Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Mirobod tumanida joylashgan harbiy qismlar va harbiylashgan bo‘linmalar O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, tuman xududida joylashgan oliy o‘quv muassasalarining Xarbiy kafedralari, Mirobod tuman hokimligi vakillari, tuman mudofaa ishlari bo‘limi, Mirobod tuman Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari, Temurbek maktabi kursantlari va harbiy xizmatchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mirobod tumanida joylashgan harbiy qismlar va harbiylashgan bo‘linmalar “Marsh” musiqasi ostida institut old maydoniga kirib keldilar. Marosim “O‘zbekiston Respublikasining Madhiyasi” bilan boshlanadi.

Marosim tashkilotchilari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining mudofaa qudratini mustahkamlashga ko‘maklashish, yoshlarni Vatanni himoya qilishga tayyorlash, ular o‘rtasida Vatanni himoya qilish haqidagi g‘oyalarni targ‘ib etish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarida ko‘maklashish, yoshlar o‘rtasida sportning texnik va amaliy turlarini targ‘ib qilish va ommaviyligini oshirish, turli darajadagi sport musobaqalarini o‘tkazishga e’tibor qaratdi.

Tadbirda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Mirobod tumani kengashi taassarufidagi avtotransport texnikalarining namoyishi, sportning texnik va amaliy turlaridan avto va motosport, “Karting”” turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar va ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Shuningdek, sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari va harbiy jang san’ati havola qilindi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarga Prezidentimiz, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoev rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar milliy armiyamizning jangovar tayyorgarligi va harbiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilayotganligi, zamonaviy harbiy texnika va texnologiyalarning joriy etilayotganligi, O‘zbekiston mudofaa tizimidagi islohotlar, ularning asosiy vazifalari, o‘rni va roli haqida tushuntirishlar berdi.

Yig‘ilganlarga harbiy dala-oshxonada tayyorlangan taomlar tarqatildi.

Axborot xizmati