IELTS’dan 7 ball olgan dastlabki talabaga kompyuter sovg‘a qilishga kelishib olindi

2020-yilning 10-yanvar kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aktsiyadorli jamiyati raisi o‘rinbosari O‘tkir Tursunqulovning buyrug‘iga muvofiq Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida jamiyatning Xalqaro hamkorlik va tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmasi rahbariyati bilan institut jamoasining uchrashuvi tashkil etildi.

Unda aksiyadorlik jamiyati Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i Muxsinjon Mamasidiqov, Xalqaro hamkorlik va tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Adxamjon Qosimov,  Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi mutaxassislari, institut rahbariyati, institutning turli yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil oluvchi talabalari va professor o‘qituvchilari ishtirok etishdi.

Ushbu uchrashuvni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarga “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining xalqaro faoliyati va uning o‘ziga xosliklari, bu boradagi 2020 yil rejalari, iqtidorli talaba-yoshlarni malaka oshirishga va istiqbolda ishga jalb qilishdan iborat.

Ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda Xalqaro hamkorlik va tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmasi mutaxassisi tomonidan ishtirokchilarga kompaniyaning xalqaro faoliyati, va faoliyat yo‘nalishlari, jamiyatning xalqaro maydondagi yirik hamkorlari va aloqalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

– Tizimda xalqaro munosabatlarning rivojlanishini davrning o‘zi taqozo etmoqda, – dedi Adxamjon Qosimov. – Bu zaruriyat yosh mutaxassislar oldiga yangi zamonaviy talablarni qo‘ymoqda. Ayniqsa xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasini yanada yaxshilanishidan barcha manfatdor.


Xalqaro hamkorlik va tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Adxamjon Qosimov fikrini davom ettirib, 2020 yil davomida IELTs’dan 7 ball olgan dastlabki talabaga kompyuter sovg‘a qilishini bildirdi.
P.S.:“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan jamiyatning barcha tarkibiy tuzilma rahbarlari bilan ham uchrashuvlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Axborot xizmati